Vilnyusda hibsga olingan tojikistonlik qochqin ikki oy qamoqda saqlanganidan keyin ozodlikka chiqarildi
Litva hukumati ikki oy qamoqda o‘tirgan Tojikiston fuqarosi, “Guruh 24”ning sobiq a’zosi Sulaymon Davlatovni ozod qildi. Bu haqda Yevropada bo‘lgan faolning o‘zi “Bomdod” nashriga ma’lum qildi, deb yozadi “Mediazona”.
Davlatovning so‘zlariga ko‘ra, 3 iyun kuni Vilnyus sudi uning ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisini o‘tkazgan. Litva migratsiya departamenti xorijlikni ilgari belgilangan hibsda saqlash muddati yakunlanayotganini inobatga olib, maxsus hibsxonada saqlash muddatini yana uch oyga uzaytirish bo‘yicha iltimosnoma bilan chiqqan. Biroq sudya Davlatovni ozod qilishga qaror qilgan, chunki uning shaharda o‘z uyi, uch nafar kichkina bolasi bor, homilador xotini parvarishga muhtoj.
Sud qarori 4 iyun kuni kechqurun chiqqan va Tojikiston fuqarosi darhol uyiga jo‘nab ketgan.
“Menimcha, bu g‘alaba sari katta qadam. Qochqinlik maqomimni bekor qilish haqidagi qarorni bekor qilish uchun kurashni davom ettiramiz. Ishonchim komilki, biz bunga erishamiz, chunki adolat va haqiqat biz tomonda”, – deydi Davlatov kelgusidagi rejalari haqida.
Sulaymon Davlatov so‘nggi to‘qqiz yildan beri Litva poytaxtida istiqomat qiladi. Shaharda u novvoyxona, do‘kon va restoranga ega. Tojikistonlik “Guruh-24” qarshi repressiyalar boshlanganidan keyin Sankt-Peterburgdan Yevropaga ko‘chib o‘tgan.
Shu yilning aprel oyida Vilnyusda muxolifatchi hibsga olingani haqida ma’lum bo‘ldi. Uning o‘zi aniqlik kiritishicha, bu uning Litva razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganidan keyin sodir bo‘lgan.
Hibsga olinganidan bir necha kun o‘tgach, Davlatovning rafiqasi Xurmatbibi Rahmatshoyeva Litva prezidenti Gitanas Nausedaga erini o‘z vataniga deportatsiya qilmaslikni so‘rab, ochiqchasiga murojaat qilgan, chunki u yerda tojikistonlik fuqaro uchun qamoq, qiynoqlar va o‘lim ehtimoli bor. Ayolning qo‘shimcha qilishicha, u erining qochqinlik maqomini bekor qilish to‘g‘risida Yevropa davlati rasmiylari qaror qilganidan keyin Dushanbega deportatsiya qilinishi ehtimolidan xavotirda.
Sharhlar