Vladimir Zelenskiy Rossiya Ukrainadagi issiqlik generatsiyasining 80 foizini yo‘q qilganini bildirdi
Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha Berlin konferensiyasi ochilishida so‘zga chiqqan Vladimir Zelenskiy Germaniya hukumatiga yaqin 3-4 oy ichida Germaniyada allaqachon to‘xtatilgan elektr stantsiyalarining energetika uskunalarini Ukrainaga berishlarini so‘rab murojaat qildi, deb yozadi “Суспiльне”.
Ukraina prezidenti o‘z nutqida energetika sohasini yo‘q qilish Rossiya bosqinchiligining bir qismi sifatida asosiy maqsadlaridan biri ekanligini ta’kidladi, chunki “Putin o‘z hokimiyatining birinchi yillaridanoq energiya resurslari va energiya iste’moliga qurol, kuch, ta’sir qilish va xalqni zabt etish vositasi sifatida qaraydi ”.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri issiqlik generatsiyasining 80 foiziga yaqini va gidroenergetikaning uchdan bir qismi yo‘q qilingan.
“Rossiya raketalari va dronlarining zarbalari natijasida 9 gigavatt quvvat allaqachon yo‘q qilingan. Shu bilan birga, o‘tgan qishda elektr energiyasi iste’molining eng yuqori ko‘rsatkichi kuniga 18 gigavattni tashkil qildi”, — deya qo‘shimcha qiladi Zelenskiy.
Rossiya qo‘shinlari muntazam ravishda Ukraina energetika obyektlariga zarbalar bermoqda. 2024-yil bahoridan buyon bunday hujumlar ko‘paygan. 1 aprel kuni Xarkov rahbari Igor Terexov shahardagi deyarli butun energetika infratuzilmasi vayron bo‘lganini aytdi. 11 aprelga o‘tar kechasi berilgan zarba natijasida Kiyev oblastidagi eng kuchli elektr stantsiyasi bo‘lgan Tripole issiqlik elektr stantsiyasi butunlay vayron bo‘lgan.
Sharhlar