Modi avgustda Ukrainaga kelib, nizoda vositachilikni taklif qiladi
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi avgustda diplomatik missiya doirasida Kiyevga keladi. Bu haqda mahalliy Wion telekanali hindistonlik diplomatlarga tayanib xabar bermoqda. Modining tashrifi 23-avgust kuni amalga oshishi mumkin.
“TASS” agentligining Hindiston parlamentidagi manbasiga ko‘ra, hukumat rahbari Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachilik qilishda Nyu-Delining yordamini taklif etishi mumkin. Manba ta’kidlashicha, Hindiston “Rossiya bilan do‘stona aloqalarda” va uning “Ukraina bilan munosabatlari ham yaxshi”. Uning fikricha, ikkala tomon ham Nyu-Deliga ishonadi. Vositachilik ikki tomonning roziligi bilangina amalga oshishi mumkin, dedi manba.
Iyun oyida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Narendra Modi Italiyada G7 sammiti doirasida uchrashib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, Rossiya-Ukraina nizosi va Shveysariyadagi konferensiyani muhokama qilgan edi.
8-iyul kuni esa Modi Moskvaga kelib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borgan, Hindiston Ukrainada tinchlikka erishishda yordam berishga tayyorligini aytgan edi.
Sharhlar