Kommunistik partiya etikasini buzgan Vyetnam prezidentining iste’fosi tasdiqlandi
Vyetnam Milliy majlisi (bir palatali parlamenti) prezident Vo Van Txiongning iste’fosini tasdiqladi va Danang shahridan 15-chaqiriq deputati majburiyatlaridan ozod etdi, deb yozadi “RBK”.
Tegishli qaror parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilindi. Vyetnam konstitutsiyasiga muvofiq, prezident Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egallaydi. Shu tariqa Vo Van Txiong ushbu lavozimni ham tark etdi.
Vyetnam prezidenti 20-mart kuni iste’fo berdi, mamlakatda hukmron bo‘lgan Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi buni o‘sha kuniyoq ma’qulladi. Markaziy qo‘mita Vo Van Txiong mansabdor shaxs etikasini buzganini ma’lum qildi. “Janob Vo Van Txiongning qoidalarni buzishi va kamchiliklari jamoatchilikning salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi, bu esa partiya, davlat va uning o‘z obro‘siga ham ta’sir o‘tkazdi”, — deyiladi xabarda.
Vo Van Txiong 2023-yil 2-mart kuni Vyetnam prezidentiga aylangan bo‘lib, 2026-yilgacha davlat rahbari bo‘lib qolishi kerak edi. U Kuangngay provinsiyasi sobiq rahbari korrpusiyada gumonlanib hibsga olinganidan keyin bir necha kun o‘tib iste’fo berdi. Bundan tashqari, Vyetnam sudi Txiong bir vaqtlar mansabdor bo‘lgan Xoshimin shahrida “bir necha milliard dollarlik moliyaviy firibgarlik” haqidagi ishni ham ko‘rib chiqmoqda.
Sharhlar