Vyetnamda “Yagi” to‘foni qurbonlarining soni 59 kishiga yetdi
Vyetnam shimolida “Yagi” to‘foni qurbonlarining soni 59 kishiga yetdi, yuzlab odamlar jabrlangan. Halok bo‘lganlarning 44 nafari ko‘chki qurbonlari, deya xabar beradi mamlakat Qishloq xo‘jaligi va rivojlanish vazirligi.
Bu yil Osiyoda eng kuchli to‘fonga aylangan “Yagi” dovuli Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha “tropik depressiya” darajasiga ko‘tarildi. Biroq rasmiylar suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi saqlanib qolayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Dam olish kunlarida shamol tezligi 203 km/soatgacha kuchaygan to‘fon Vyetnam poytaxti Xanoyga kelib urilgan va hozir g‘arbga qarab harakatlanmoqda. Xanoyda uylarning tomlarini, daraxtlarni qo‘porgan, bu esa butun hududda elektr ta’minotida uzilishlarga olib kelgan.
Avtomobil haydovchilari skuterdagi odamlarni shamoldan himoya qilish uchun ataylab tezlikni pasaytirgan.
“Dushanba kuni ertalab Pxu Txo provintsiyasida ko‘prik qulab tushgan, natijada o‘nta avtomobil va ikkita skuter Xon Xa daryosiga quladi” -, deydi Vyetnam bosh vazirining o‘rinbosari. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uch kishi qutqarilgan, yana 13 kishi bedarak yo‘qolgan. Ehtimoliy qurbonlar haqida ma’lumot hozircha noma’lum.
Kao Ban provintsiyasida 20 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus daryoga qulagan.
To‘fon oqibatida Vyetnam qirg‘oqlarida kamida 64 ta baliqchilik qayig‘i cho‘kib ketgan. Qutqaruvchilar ochiq dengizda 27 kishini topib qutqargan.
Ko‘plab xalqaro zavodlar joylashgan port shahri Xayfonda ayrim tumanlar ko‘chalarida suv sathi bir yarim metrga yetgan. Elektr tarmoqlari va ularning ustunlari shikastlangan. Hamma joyda tomlarning metall listlari, reklama taxtalari yulingan.
Dam olish kunlari Vyetnam shimolidagi to‘rtta aeroport o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Deyarli 50 ming kishi qirg‘oq bo‘yidagi shaharlardan evakuatsiya qilingan. Rasmiylar qolgan aholini uylarini tark etmaslikka chaqirmoqda.
Sharhlar