Windows dasturidagi nosozlik dunyo bo‘ylab 8,5 millionta qurilmaga ta’sir qilgan
Microsoft kompaniyasining kiberxavfsizlik sohasidagi Crowdstrike dasturi bilan bog‘liq global IT-nosozlik Windows operatsion tizimi o‘rnatilgan qurilmalarning 1 foizdan kamrog‘iga ta’sir ko‘rsatgan, deb yozadi “Kommersant”. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, gap 8,5 millionta qurilma haqida bormoqda.
“Foiz kichik bo‘lishiga qaramasdan, jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Crowdstrike’dan o‘ta muhim xizmatlarni taqdim etuvchi tashkilotlar foydalanadi”, — deyiladi Microsoft blogida. Kompaniya ta’kidlashicha, dasturiy ta’minotning yangilanishi “ba’zan uzilishlarga olib keladi”, ammo bunday ko‘lam — kamdan-kam yuz beradigan holatdir.
Amerika korporatsiyasi hodisa Microsoft faoliyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador emasligiga e’tibor qaratdi, chunki uzilish Crowdstrike dasturiy ta’minotidagi yangilanish tufayli yuzaga kelgan. Biroq bu uning ekotizimiga tegishli bo‘lgani sababli, korporatsiya muammoni bartaraf etish ustida ishlagan.
19-iyul, juma kuni butun dunyo bo‘ylab ko‘pchilik kompaniyalarning Windows’da ishlaydigan kompyuterlari yuklanmay qoldi. Bunga Crowdstrike kompaniyasi dasturining yangilanmalaridan biridagi nuqson sabab bo‘ldi. Shu bilan bir vaqtda Microsoft Azure “bulutli” servisining konfiguratsiyalari o‘zgarishi tufayli, o‘zining bir qator “bulutli” servislaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolar haqida ma’lum qildi, shu jumladan, Microsoft Teams messenjeri, Microsoft Defender antivirusi va Microsoft 365 komponentlari ishlamay qolgan.
Nosozlik butun dunyo bo‘ylab minglab reyslarning kechikishiga olib keldi, birja, bank, kasalxona va telekanallarda muammolar yuzaga keldi.
Sharhlar