AQSH Iroqdagi xalqaro missiya yakunlanganini e’lon qildi
AQSH va Iroq hukumati Iroqda ISHIDga qarshi kurash bo‘yicha “Mustahkam qat’iyat” nomli global koalitsiya harbiy missiyasini yakunlashga kelishib oldi, deb yozadi “Kommersant”. Missiyani kelasi 12 oy mobaynida, ammo 2025-yil sentabrdan kechikmasdan yakunlash rejalashtirilmoqda. Qo‘shinlar qanday ko‘lamda olib ketilishiga aniqlik kiritilmagan.
Davlat departamenti xabariga ko‘ra, AQSH va Iroq mamlakat hududida ISHIDga bosim o‘tkazish va Iroq kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun xavfsizlik sohasida ikki tomonlama sheriklikka o‘tishni ham kelishib oldi.
AQSH, shuningdek, Iroqdan Amerika kontingentini olib ketish bo‘yicha zarur tadbirlarni Iroq konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Iroq terrorchilik tahdidiga qarshi kurashda bergan ko‘magi uchun xalqaro koalitsiyaga minnatdorlik bildirdi.
Iroqda ayni paytda 2,5 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchilar bor. 2014-yilda ISHID Iroqning uchdan bir qismini egallab olgach, Iroq kuchlari xalqaro koalitsiya ko‘magida hududlarni ozod qilish operatsiyasini boshlagan edi.
Sharhlar