Bayden xalqqa murojaat qilib, prezidentlik poygasidan chiqish qarorini tushuntirdi
AQSH prezidenti Jo Bayden saylovdan o‘z nomzodini olib tashlaganidan keyin birinchi marta xalqqa murojaat qildi, deb yozadi “Kommersant”. U o‘zining prezidentlik poygasidan chiqish qarorini, hatto o‘z xohish-istaklaridan voz kechib bo‘lsa ham, estafetani yosh avlodga topshirish va demokratiya tamoyillarini saqlab qolish zaruriyati bilan izohladi.
“Mening prezident lavozimidagi yutuqlarim, dunyodagi yetakchiligim, Amerika kelajagi bo‘yicha rejalarim ikkinchi muddatga arziydi, deb hisoblayman. Ammo hech narsa, hech bir narsa, shu jumladan, shaxsiy istaklar ham demokratiyamizni qutqarishga xalal bera olmaydi. Shu sababli men olg‘a siljishning eng yaxshi usuli — estafetani yosh avlodga berish degan qarorga keldim. Bu xalqimizni birlashtirishning eng yaxshi yo‘li”, — dedi Bayden o‘z telemurojaatida.
Bo‘lg‘usi saylovlar haqida gapirayotib, prezident “o‘z tanlovini amalga oshirib, o‘z fikrini bildirgani”ni aytdi. “Men ajoyib vitse-prezidentimiz Kamala Xarrisga minnatdorlik bildirmoqchiman. U tajribali. U qattiqqo‘l. U iste’dodli. U men uchun ajoyib sherik va mamlakatimiz uchun yetakchi bo‘la oldi. Endi tanlov o‘z qo‘lingizda”, — dedi Amerika prezidenti. U amerikaliklarni birlashishga va “oldinga yoki orqaga siljish”dan bittasini tanlashga chaqirdi.
Sharhlar