Xarris o‘zining saylovoldi debyut nutqida Trampni tanqid qildi
AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris Viskonsin shtatining Miluoki shahrida bo‘lib o‘tgan saylovoldi tashviqotining ilk mitingida bo‘lajak prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampni keskin tanqid qildi.
Xarrisning ta’kidlashicha, Tramp mamlakatni o‘tmishga qaytarmoqchi, u “erkinlik, rahm-shafqat va qonun ustuvorligi” va “tartibsizlik, qo‘rquv va nafrat mamlakati” o‘rtasida tanlov qilish zarurligini ta’kidladi.
Uning nutqining asosiy mavzusi abort huquqlari bo‘lib, u yerda Trampni abortni taqiqlashga intilayotganlikda aybladi. Xarris ayollarning o‘z tanasi haqida o‘zlari qaror qabul qilish huquqini himoya qilishga va’da berdi va hukumatning bu ishlarga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi.
Xarris, shuningdek, agar prezident etib saylansa, kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lishni osonlashtirishga va qurolli zo‘ravonlikka qarshi kurashishni va’da berdi. 17 daqiqalik nutqida u tajovuzkor ritorikadan foydalandi va prokuror sifatidagi tajribasini Trampning bir nechta jinoiy ishi va bittasida yaqinda sudlanganligi bilan taqqosladi.
Saylov oldidan o‘tkazilgan birinchi so‘rovda Xarris Trampni ortda qoldirdi, xususan uni respondentlarning 44 foizi, Trampni esa 42 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Reuters va Ipsos kompaniyasi hamkorligida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 56 foizi Xarrisni aqlli va qiyinchiliklarni yengishga qodir, respondentlarning atigi 49 foizi Tramp haqida shunday fikrda ekani ma’lum bo‘ldi. Avvalgi so‘rovda, Jo Bayden qayta saylanmoqchi emasligini e’lon qilishidan oldin, Tramp va Xarris har biri 44 foizdan ovoz olgandi, iyul oyi boshida esa Tramp Xarrisni bir foiz punktga ortda qoldirgandi.
Sharhlar