Bayden poygadan chiqqach o‘tkazilgan ilk so‘rovda Xarris Trampni 2 foizga ortda qoldirdi
Reuters/Ipsos so‘rovi natijalariga ko‘ra, AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampni 2 foizga ortda qoldirmoqda, deb yozadi “Kommersant”. Uni so‘rov ishtirokchilarining 44 foizi qo‘llab-quvvatladi, 42 foizi esa Trampga ovoz berdi. So‘rov 22—23-iyul kunlari, AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qilib, ushbu lavozimga Kamala Xarris ilgari surilishini qo‘llab-quvvatlaganidan keyin o‘tkazilgan.
So‘rovda qatnashganlarning qariyb 56 foizi 59 yoshli Kamala Xarris “o‘tkir aql sohibasi va u qiyinchiliklarni eplay oladi” deb hisoblaydi. Ayni vaqtda respondentlarning 49 foizi 78 yoshli Donald Tramp haqida shunday fikr bildirdi. Demokrat saylovchilarning 91 foizi Xarrisga nisbatan ijobiy munosabatda. So‘rov ishtirokchilarining to‘rtdan uch qismi demokratlar uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashi kerak, degan fikrda. Respondentlarning chorak qismi esa nomzodini ilgari surish uchun bir nechta da’vogarlar kurash olib borishi kerak, deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH prezidenti Jo Bayden 21-iyul kuni saylovoldi poygasidan chiqish qarori haqida e’lon qildi. O‘z o‘rniga u Kamala Xarris nomzodini taklif qildi, u esa Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini ilgari surish uchun demokratlarning yetarlicha ovozini qo‘lga kiritdi. Associated Press o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, unga 2579 nafar delegate ovoz berishga tayyor (aslida 1976 ta ovoz yig‘ish zarur).
Sharhlar