Poraxo‘rlikda gumonlanayotgan Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosarining mol-mulki xatlovga olindi
Moskvada sud Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov va qarindoshlarining ko‘chmas mulki, aktivlari va bank hisoblariga nisbatan ta’minlovchi choralarni amalga oshirdi. Bu haqda “TASS” huquq-tartibot organlariga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbardoshiga ko‘ra, Timur Ivanov, uning rafiqasi, sobiq rafiqalari va besh nafar farzandi, shu jumladan, asrab olingan bolalari nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan aktivlar xatlovga olingan. Xatlangan mol-mulk qiymati ma’lum qilinmayapti.
Timur Ivanov 24-apreldan buyon o‘ta yirik miqdorda pora olganlik to‘g‘risidagi jinoiy ish bo‘yicha “Lefortovo” tergov izolyatorida saqlanmoqda. “TASS” manbalariga ko‘ra, tergov fikricha, Ivanov 2018—2023-yillarda bir milliarddan ortiq summaga teng turli xizmatlar shaklida pora olgan.
Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Timur Ivanovni vazir o‘rinbosari lavozimidan chetlashtirdi.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, Ivanov davlatga xiyonatda gumonlanmoqda, ammo bu ma’lumot tasdiqlangani yo‘q.
Sharhlar