Isroilda “miyani yeb qo‘yuvchi” amyoba tufayli bir erkak vafot etdi
Isroilda “miyani yeb qo‘yuvchi” Naegleria fowleri noyob amyobasi keltirib chiqargan ensefalit oqibatida ikkinchi odam vafot etdi, deb yozadi “RBK”.
Mahalliy kasalxona bergan ma’lumotlarga ko‘ra, amyoba erkakning organizmiga Tiveriadadagi Gay plyajida cho‘milish chog‘ida kirib olgan bo‘lishi mumkin. U 4-iyul kuni isitma, bosh og‘rig‘i va qayt qilish simptomlari bilan kasalxonaga keltirilgan. So‘ng uning ahvoli yomonlashib, oxir-oqibat vafot etgan.
Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi erkak dam olgan plyaj suvidan namuna olib tekshirgan, ammo Naeglaria fowleri amyobasi belgilarini topmagan.
Isroilda bundan avvalgi holat 2022-yil avgustida sodir bo‘lgan, o‘shanda bir erkak xuddi shu amyoba oqibatidagi miya infeksiyasidan ko‘z yumgan.
Xavfli amyoba asosan AQSHning janubiy shtatlari, Hindiston va Pokistonda uchraydi. Issiq havoda ko‘l va daryolarda cho‘milish chog‘ida bunday amyobani yuqtirish xavfi oshadi. U odam organizmiga suv bilan birga burun orqali kirishi va miya infeksiyasini keltirib chiqarishi mumkin.
Sharhlar