Portugaliya Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha bitim imzoladi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Portugaliya bosh vaziri Luish Montenegru 28-may kuni Lissabonda xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama bitim imzoladi, deb yozadi DW.
Hujjat 10 yilga mo‘ljallangan. Montenegru Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida ta’kidlashicha, bitim doirasida uning mamlakati Kiyevga joriy yilda Rossiya tajovuzidan himoyalanish uchun 126 million yevro ajratadi va undan keyin ham Ukrainani “qancha talab etilsa, shuncha” qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq Zelenskiy Yevroittifoq va NATOning boshqa a’zolari bilan ham xavfsizlik bo‘yicha xuddi shunday bitimlarni imzolagandi: 27-may kuni Ispaniya, 28-may kuni esa Belgiya bilan.
Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolanishi “Yettilik guruhi” mamlakatlari tashabbusi bilan yuz bermoqda. 2023-yilda NATOning Vilnyusdagi sammiti fonida G7 mamlakatlari ba’zi davlatlar Ukraina xavfsizligining uzoq muddatli kafolatlanishini ta’minlash uchun u bilan ikki tomonlama bitimlar imzolashi haqida kelishib olgan edi. Shu yil boshida Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya birinchilardan bo‘lib shunday kelishuvni imzoladi.
Sharhlar