AQSHning Yevropadagi bazalarida xavfsizlik darajasi qo‘poruvchilik xavfi tufayli oshirilgan — CNN
AQSHning Yevropa mamlakatlaridagi harbiy bazalari “Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi subyektlar” Amerika harbiy xizmatchilari yoki obyektlariga qarshi qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishi mumkinligi haqidagi axborot tufayli, o‘tgan hafta yuqori shaylik holatiga keltirilgan. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
AQSH razvedka ma’lumotlari orqali shu narsa aniqlanganki, Rossiya “Amerika bazalari va harbiy xodimlarini ishonchli shaxslar orqali hujum uchun variantlar sifatida ko‘rib kelgan”. Ushbu ma’lumot AQSH Qurolli kuchlari qo‘mondonligini “qo‘shimcha protokollar kiritish”ga va himoya darajasini ikkinchi bosqichga oshirishga majbur qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyun kuni Germaniyaning Shtutgart shahridagi Amerika bazalarida shaylik “Charli” darajasigacha oshirilgandi. Shtutgartda AQSH qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi bosh qarorgohi joylashgan. “Charli” xavf darajasi bazada terakt ehtimoli, xodimlar yoki obyektlarga nisbatan tahdid yuzaga kelgani haqida razvedka ma’lumotlari olingan taqdirda qo‘llaniladi.
Amerikaning Yevropadagi harbiylari bunday xavf darajasi bilan kamida o‘n yildan buyon yuzma-yuz kelmagan. Bu shuni bildiradiki, Amerika qo‘mondonligi “faol ishonchli tahdid” tasdig‘ini olgan, deyilgan edi o‘shanda.
Sharhlar