Xitoy Mudofaa vazirligi: AQShning Tayvanga qurol-yarog‘ yetkazib berishi urushga olib kelishi mumkin
Xitoy Mudofaa vazirligining rasmiy vakili U Szyan AQShning yaqinda Tayvanga qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun 567 million dollar ajratish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan jiddiy tashvish bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar orol mustaqilligi tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlaydi va mojaroning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
“Ta’kidlash kerakki, Tayvanni qurollantirish “Tayvan mustaqilligi” tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. “Tayvan mustaqilligi” esa urushni anglatadi”, – dedi U Szyan va Tayvandan Xitoyni tiyib turish uchun foydalanish urinishlari muqarrar ravishda salbiy oqibatlarga olib kelishini qo‘shimcha qildi.
Bu bayonot AQSh Prezidenti Jo Baydenning sentyabr oyi oxirida Tayvanga harbiy yordam ajratishni ma’qullagan farmoyishi fonida yangradi. Bu yilning iyun oyida Qo‘shma Shtatlar 300 million dollar qiymatidagi uchuvchisiz uchish apparatlari sotilishini ham ma’qullagan edi.
Tayvan 1949-yildan buyon o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi, ammo Xitoy hamon orolni o‘zining ajralmas qismi deb hisoblaydi. AQSh tomonidan “yagona Xitoy” siyosatini rasman tan olishiga qaramay, Vashington va Taybey o‘rtasidagi munosabatlar chuqurlashib bormoqda, bu esa Pekinda xavotir uyg‘otmoqda.
Sharhlar