Xitoy Ukraina bo‘yicha “tinchlik sammiti”da qatnashishdan bosh tortdi
Xitoy Kiyev va Shveysariya tomonidan tashkil qilinayotgan, Rossiya va Ukraina nizosini tartibga solish bo‘yicha konferensiyada qatnashmaydi. Bu haqda Reuters manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Pekin o‘zi ilgari surgan shartlar bajarilmagani sababli taklifni rad etgan.
Sammit 15—16-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi, 80 ta mamlakat o‘z ishtirokini tasdiqladi. Delegatlar Ukrainaning “tinchlik formulasi”dagi bahslilik darajasi eng past mavzularnigina muhokama qiladi, bular — yadro va oziq-ovqat xavfsizligi, harbiy asirlarni “hammaga hamma” formatida ayirboshlash va Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalarni qaytarish.
Rossiya delegatsiyasi taklif etilgani yo‘q.
Avvalroq Kiyev Xitoy raisi Si Szinpin va Amerika prezidenti Jo Baydenni konferensiyada qatnashishga chaqirgan edi. Bayden saylovoldi kampaniyasi fonida sammitga kelmasligini ma’lum qilgan. Pekin esa Moskva uchrashuvga taklif etilmasa, u sammitga boykot e’lon qilishi bilan tahdid etgandi.
Sharhlar