Xitoyda 1970-yillardan buyon birinchi marta pensiya yoshi oshiriladi
Butunxitoy xalq vakillari majlisi mamlakatda pensiya yoshi asta-sekinlik bilan oshirilishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Sinxua” agentligi.
Hozirgi me’yorlar 1950-yillarda joriy etilgan, 1970-yillarda ularga aniqlik kiritilgan. Ayni paytda Xitoyda pensiyaga chiqish yoshi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi: erkaklar uchun 60 yosh va ayollar uchun 50 yoki 55 yosh (jismoniy yoki ofis ishi bilan shug‘ullanishiga qarab).
Endi esa bu yosh erkaklar uchun 63 yosh va ayollar uchun 55—58 yoshgacha bosqichma-bosqich ko‘tariladi. Bundan tashqari, 2030-yildan pensiya olish uchun zarur bo‘lgan eng kam ish stajini hozirgi 15 yildan 20 yilgacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoyda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1960-yildagi 44 yoshdan 2023-yilga kelib, 78,6 yoshgacha yetdi. Shu bilan birga, mamlakat aholisi keksayib borayotgani haqida ko‘p gapiriladi. 2022-yilda esa aholi 60 yil ichida birinchi marta kamayib ketdi.
Sharhlar