Xitoylik shifokor 5 ming kilometr masofadan turib operatsiya o‘tkazdi
Kuni kecha xitoylik onkolog-xirurg bemordan 5000 kilometr uzoqlikda turib, uning o‘pkasidagi xavfli o‘smani olib tashlash bo‘yicha murakkab operatsiyani muvaffaqiyatli bajardi.
Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayonida yashovchi bemorda onkologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurati tug‘ildi, ammo mahalliy shifoxonada yetarli malakaga ega mutaxassislar bo‘lmaganligi tufayli buning uchun Xitoyning “MEDBOT” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan robot-jarrohdan foydalanishga qaror qilindi.
Operatsiya Shanxay shifoxonasi onkologiya bo‘limi ilmiy rahbari va yetakchi jarrohi Lo Sinsyuan tomonidan o‘tkazildi. Bemor va xirurgni 5 ming kilometr masofa ajratib turganiga qaramay, 5G aloqa tizimi orqali robotni boshqarish davomida signal uzatilishida uzilish yoki kechikishlar deyarli kuzatilmadi.
“Robot jarrohligi — eng ilg‘or kam invaziv texnologiyalardan biri bo‘lib, uning yordamida bajariladigan operatsiyalar yuqori aniqlik va asoratlar xavfi minimalligi bilan ajralib turadi. Buning natijasida bemorlarning jarrohlik amaliyotidan keyingi tiklanishi tezroq kechadi”, — dedi Lo.
Sharhlar