Rossiya, Xitoy va Eron G‘arbni yadro bitimini qayta tiklashga chaqirdi
Rossiya, Xitoy va Eron Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) boshqaruv kengashi oltinchi majlisi kun tartibi doirasida qo‘shma bayonot e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant”. Unda G‘arb “siyosiy iroda”sini namoyon qilib, Eron bilan yadro bitimi (Keng qamrovli qo‘shma harakatlar rejasi)ni qayta tiklash uchun qadamlar qo‘yishi kerakligi aytiladi.
“Mamlakatlarimiz KQQHRni qat’iy qo‘llab-quvvatlagan edi. 2018-yilda AQSH noqonuniy tarzda va bir tomonlama tartibda ushbu bitimdan chiqib ketganidan buyon bizning pozitsiyamiz o‘zgargani yo‘q, Eronga bir tomonlama noqonuniy sanksiyalar kiritish va maksimal bosim o‘tkazish siyosatini amalga oshirish esa ushbu bitim uchun og‘ir fursatga aylandi”, — deyiladi Rossiya, Xitoy va Eron bayonotida.
Keng qamrovli qo‘shma harakatlar rejasi 2015-yil iyulida Eron, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya tomonidan tuzilgan bo‘lib, uning doirasida Tehron xalqaro sanksiyalar olib tashlanishi evaziga o‘z yadro dasturini cheklashga rozi bo‘lgandi. Biroq 2018-yilda AQSH bitimdan chiqdi va Eronga nisbatan sanksiyalarni qayta tikladi. Bir yildan keyin Tehron bitim doirasidagi bir qator majburiyatlaridan voz kechishga qaror qilib, uranni boyitish darajasini oshirdi va uning zaxiralarini ko‘paytirdi.
Sharhlar