Fransiyaning yangi bosh vaziri konservator Mishel Barnye bo‘ldi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 73 yoshli konservativ siyosatchi Mishel Barnyeni mamlakat bosh vaziri lavozimiga tayinladi, deb xabar bermoqda DW. “Makron unga mamlakatga va fransuz xalqiga xizmat qiladigan birlashtiruvchi hukumatni tuzishni topshirdi”, — deyiladi Yelisey saroyi 5-sentabr kuni e’lon qilgan xabarda.
Tayinlov davlat rahbari va Fransiya asosiy siyosiy kuchlari vakillari o‘rtasidagi “son-sanoqsiz maslahatlashuvlar”dan keyin amalga oshgan. Barnye zamonaviy tarixda Fransiya vazirlar mahkamasining eng keksa rahbariga aylandi, u u eng yosh bosh vazir — 35 yoshli Gabriel Attal o‘rnini egalladi.
Mishel Barnye o‘ng markazchilarning “Respublikachilar” partiyasi vakilidir. O‘z siyosiy karyerasi davomida u Fransiyada va Yevroittifoq tuzilmalarida turli rahbar lavozimlarida ishlagan. 2016-yildan 2019-yilgacha u Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi haqidagi muzokaralarga rahbarlik qilgan.
2021-yilda Barnye prezident saylovida “Respublikachilar” partiyasidan o‘z nomzodini taklif qilgan, ammo partiya ichki ovoz berishida birinchi bosqichda yutqazgan.
Sharhlar