Kanada Navalniyning o‘limi tufayli yangi sanksiyalar joriy qildi
Kanada muxolifatchi Aleksey Navalniyga nisbatan “shafqatsiz munosabatga va uning o‘limiga aloqador bo‘lgan” rossiyalik yuqori mansabli amaldorlar hamda tergov organlari, jazoni ijro etish xizmati va politsiya xodimlariga qarshi sanksiyalar joriy qildi, deb yozadi “RBK” Kanada hukumati saytiga tayanib.
Gap Navalniyning 2020-yilda “Novichok” turidagi asab-falaj moddasi bilan zaharlanishi, 2021-yilda aeroportda qo‘lga olinishi, axloq tuzatish koloniyasida saqlanishi, uning huquqlariga rioya etilmagani, “uning vafoti sabablarini o‘rganishga qobil bo‘lmaslik va jasadining oilasiga berilishi uzoq vaqt kechiktirilishi” haqida bormoqda, deya aniqlik kiritiladi xabarda. Cheklovlar 13 kishiga nisbatan kiritildi.
Navalniy 16-fevral kuni “polyarniy volk” axloq tuzatish koloniyasida vafot etgandi. O‘lim haqidagi guvohnomada uning tabiiy sabablarga ko‘ra hayotdan ko‘z yumgani aytiladi. Shundan keyin AQSH, Yevroittifoq, Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya mansabdorlar, sudyalar, huquq-tartibot organlari va ushbu koloniya xodimlariga nisbatan sanksiyalar haqida e’lon qilgan edi.
Sharhlar