Eronda prezident Raisiyning vertolyoti halokati bilan bog‘liq yangi tafsilotlar oshkor etildi
Eron prezidenti administratsiyasi rahbari G‘ulom Husayn Ismoiliy prezident Ibrohim Raisiy vertolyoti halokati bilan bog‘liq yangi tafsilotlarni ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Administratsiya rahbarining o‘zi boshqa vertolyotda uchgan bo‘lib, u eson-omon qo‘ngan. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, parvoz chog‘ida ob-havo sharoitlari yaxshi bo‘lgan.
“Tuman yo‘q edi. Ehtimol, chuqur jarlikda tuman bo‘lgandir, ammo bizning parvozimi trayektoriyasida tuman yo‘q edi. Bulutlar vertolyotdan biroz balandroqda edi”, — dedi u. Ismoiliyning aytishicha, Raisiy vertolyotining uchuvchisi kolonnadagi barcha vertolyotlarga bulutlar tepasiga chiqish haqida ko‘rsatma bergan. Uchuvchilar aytilgan ishni qilgan. Shundan keyin taxminan 30 soniya o‘tib, Ismoiliy o‘tirgan vertolyot ekipaji prezident vertolyoti g;oyib bo‘lganini sezib qolgan.
Shundan so‘ng uchuvchi prezident vertolyotini topish yoki ekipaj va yo‘lovchilardan birortasi bilan aloqaga chiqish uchun bir necha marta aylanib uchgan. Bir yarim daqiqa mobaynida aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘linmagach, o‘sha paytdayoq Bell 212 qulagani taxmin qilingan. Keyinroq Eronning Tabriz shahar Juma-masjidi imomi Said Muhammadali al-Hoshim aloqaga chiqqan. U g‘oyib bo‘lgan vertolyot bortida bo‘lgan va halokat haqida gapirib bergan. U hayotdan ko‘z yumguniga qadar bir necha soat davomida aloqada bo‘lib turgan.
Eslatib o‘tamiz, 19-may kuni Eron prezidenti vertolyoti qulab tushdi. 20-may kuni ertalab vertolyotning yonib ketgan bo‘laklari Ozarbayjon bilan chegaradan 30 km masofada joylashgan Tavil qishlog‘i yaqinidan topildi. Yo‘lovchilarning barchasi halok bo‘lgan. Eronda va bir qator qo‘shni mamlakatlarda motam e’lon qilindi.
Sharhlar