YeI har uch yilda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish masalasini ko‘rib chiqadi
Yevropa Ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni har 36 oyda uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqadi, deb yozadi Financial Times (FT), xabardor manbalarga tayanib. Gazetaning yozishicha, Yevrokomissiya ham cheklovlarni noma’lum muddatga uzaytirishni taklif qilishi mumkin. Endi ular har olti oyda yangilanadi.
Bu masalani muhokama qilish YeIning G7 doirasidagi Rossiya aktivlaridan tushgan daromaddan foydalangan holda Ukrainaga 50 milliard dollar miqdorida kredit berishga tayyor bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarni “tinchlantirish”ga urinishi bilan bog‘liq. Aniqlik kiritilishicha, Qo’shma Shtatlar Rossiya aktivlaridan keladigan daromad yaqin kelajakda muzlatilmasligi uchun “temir kafolatlar” ni talab qilmoqda. Bunday qarorni ma’qullash uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha 27 davlatning roziligi talab qilinadi, deb xabar beradi FT.
Vengriya Yevropa Ittifoqiga sanksiyalarning yangi muddati to‘g‘risida qaror qabul qilishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini allaqachon ma’lum qilgan. Shu bilan birga, FT xabariga ko’ra, Vengriya bu masalada hali biror tomonni tanlamagan. Nashrning yozishicha, avvalroq Ukrainaga yordam ko‘rsatishga bir necha bor to‘siq qo‘ygan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban evaziga Yevrokomissiyaning yangi tarkibidagi muayyan rahbarlik lavozimlarini talab qilishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar muddatini uzaytirmasdan ham qila oladi. Agar Vengriya umumiy yechimga to‘sqinlik qilmasa, YeI 40 milliard dollar berishga tayyorligini bildirishi va Qo‘shma Shtatlar G7 bo‘yicha qolgan majburiyatlarini to‘lashiga umid qilishi mumkin, deya qayd etadi FT.
Sharhlar