Hindistonda yer ko‘chishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 140 kishidan oshdi
Hindistonning janubiy shtati Keralada bir necha marta yuz bergan yer ko‘chishlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 146 kishiga yetdi, yana 120 dan ortiq odam jabrlandi, deb yozadi “Kommersant” shtat sog‘liqni saqlash departamentiga tayanib. 31-iyul, chorshanba kuni Keralada motam kuni deb e’lon qilindi.
Keralada yer o‘pirilishiga 30-iyulga o‘tar kechasi boshlangan musson yomg‘irlari sabab bo‘ldi. Tabiiy ofatdan eng ko‘p Vayanad okrugi jabr ko‘rdi. U yerda to‘rt soat ichida uch marta yer ko‘chishi sodir bo‘ldi.
Voqea joyida qidiruv-qutqaruv operatsiyasi olib borilmoqda. Unda harbiylar qatnashmoqda, shuningdek, harbiy-havo kuchlari texnikasi ham jalb qilingan. Yer o‘pirilishi oqibatida ko‘plab uylar, yo‘llar va ko‘priklar vayron bo‘ldi. Shtat bosh vaziri Pinarayi Vijayan juda ko‘p odamlar vayronalar ostida qolayotganini aytdi.
Sharhlar