Yevrokomissiya Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni iyundayoq boshlashni tavsiya qilmoqchi
Yevropa komissiyasi Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishi haqidagi muzokaralarni boshlashni tavsiya qilmoqchi, deb yozadi Financial Times muhokamaning borishidan xabardor bo‘lgan uchta manbasiga tayanib.
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, 7-iyundayoq Yevrokomissiya Ukraina aksilkorrupsiya choralari, siyosiy lobbilashtirishga cheklovlar, mansabdorlar mol-mulkini deklaratsiya qilish qoidalari va milliy ozchiliklar tillari himoyasiga aloqador mezonlarga allaqachon javob berayotganini e’lon qilmoqchi.
Yevrokomissiya shu tariqa, birinchi navbatda, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqchi hamda 1-iyul kuni Yevroittifoqdagi raislik Vengriyaga o‘tguniga qadar tavsiyalarni e’lon qilib, Kiyev bilan muzokaralarni boshlashga shoshilmoqda.
Vengriya Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishi borasida muzokaralar boshlanishiga qarshi chiqishi kutilmoqda, xususan, u venger ozchiligi huquqlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni pesh qilishi mumkin.
Shuningdek, Yevrokomissiya Yevroittifoqqa qo‘shilish haqidagi muzokaralarni Moldova bilan boshlashni tavsiya qilmoqda, ammo yaqinda noroziliklarga sabab bo‘lgan “xorijiy agentlar” haqidagi qonun qabul qilingan Gruziya bilan muzokaralarni yoqlamayapti.
Nashr manbalariga ko‘ra, muzokaralarning ilk raundini ayni paytda Yevroittifoqda raislik qilayotgan Belgiya 25-iyundayoq o‘tkazmoqchi.
Sharhlar