Yevropa Ittifoqi sudi Vengriyani mehnat muhojirlariga nisbatan muomalasi uchun jarimaga tortdi
Sud qarorida aytilishicha, Vengriya Yevropa Ittifoqining boshpana taqdim etish haqidagi qoidalarini bajarmayapti va u 200 million yevro jarima to‘lashi kerak. Bundan tashqari, 13 iyundan boshlab Budapeshtdan YeI sudining 2020 yil dekabrdagi qarorini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun kuniga bir million yevro undiriladi.
Bu qaror Vengriyaning noqonuniy muhojirlarni zarur huquqiy himoyasiz Serbiyaga qaytarib yuborish yoki ularni “tranzit zonalar” deb atalgan joylarda ushlab turish amaliyoti munosabati bilan qabul qilingan. Shu bilan birga, muhojirlarga boshpana so‘rash huquqi ham taqdim etilmayapti, deya ta’kidlaydi Yevrokomissiya.
Yevropa sudining qaroriga ko‘ra, Budapeshtning boshpana berish siyosati “Yevropa Ittifoqi qonunchiligining mutlaqo yangi va o‘ta jiddiy buzilishi” bo‘lib, bu boshpana izlovchilar va jamoat manfaatlariga ta’sir qiladi. Sudyalarga ko‘ra, Vengriya qochqinlar uchun javobgarlikni, shu jumladan moliyaviy javobgarlikni Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga o‘tkazmoqda, bu esa “birdamlikning asosiy tamoyiliga jiddiy xavf tug‘diradi”.
Sharhlar