Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujum qildi
Rossiya armiyasi Ukrainaga yoppasiga raketa zarbalarini berdi, deb yozadi Meduza. 22-martga o‘tar kechasi butun mamlakat hududida havo trevogasi e’lon qilindi.
Energetika vaziri German Galushenko Rossiya zarbasini so‘nggi vaqtlarda Ukraina energetikasiga berilgan eng katta ko‘lamli hujum deb atadi. Uning aytishicha, turli viloyatlarda generatsiya obyektlari, elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tizimlari jabr ko‘rgan. Bir qator hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
Xarkovda RF harbiylari energetika infratuzilmasi obyektlariga 15 dan ortiq zarbalar berdi, deya ma’lum qildi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Shahar deyarli to‘liq elektrsiz va suv ta’minotisiz qolgan.
Zaporojyega 12 marta raketa zarbasi berilgan, oqibatda yettita uy vayron bo‘lib, yana 35 tasi ziyon ko‘rgan. Yaradorlar bor.
Shuningdek, Zaporojye AES o‘chib qolish yoqasida turibdi — hujum chog‘ida bosib olingan AESni Ukraina birlashgan energiya tizimi bilan bog‘lovchi “Dnepr” elektr uzatish tashqi havo liniyasi o‘chib qolgan.
Dnepropetrovsk viloyatidagi Krivoy Rog shahrida dronlar va raketalar hujumi oqibatida muhim infratuzilma obyektlari zarar ko‘rgan.
Z-kanallar Dnepr GESga zarba berilgani haqida yozmoqda. Rossiya raketasi Dnepr GES to‘g‘onidan yurib ketayotgan trolleybusga kelib tushgan, unda ishga ketayotgan tinch aholi vakillari bo‘lgan.
“Ukrgidroenergo” xabariga ko‘ra, zarba Dnepr GES gidroinshootlariga va to‘g‘oniga berilgan. Stansiyada yong‘in boshlangan.
Vinnitsa, Lvov, Ivano-Frankovsk, Nikolayev va Sumi viloyatlarida ham muhim infratuzilma obyektlariga zarar yetgan.
Sharhlar