To‘qayev Putinga Dog‘istondagi teraktlar yuzasidan surishtiruvda yordam taklif qildi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Dog‘istondagi teraktlar munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi, deb yozadi “Kommersant”. U Moskvaga tezkor-qidiruv faoliyatida hamkorlikni taklif etdi.
“Qozog‘iston insoniyatga zid bo‘lgan ushbu xatti-harakatni qat’iyan qoralaydi hamda BMT, ShHT va boshqa obro‘li xalqaro tashkilotlar homiyligi ostida terrorizmga qarshi kurashda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni yoqlab chiqadi”, — deyiladi To‘qayevning bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 23-iyun kuni kechqurun Darbanddagi sinagoga va cherkovga, Maxachqal’adagi YPX posti, cherkov va sinagogaga, shuningdek, Sergokala qishlog‘i markazidagi avtomobilga hujum uyushtirildi. Hujumlar chog‘ida 15 dan ortiq politsiyachilar va bir nechta tinch fuqarolar halok bo‘ldi. O‘ldirilganlar orasida Dog‘iston politsiyasi bo‘lim boshlig‘i Mavluddin Xidirnabiyev va Darbanddagi cherkov rohibi bor. Olti nafar jangari yo‘q qilindi. Ularning uch nafari respublikadagi Sergokala tumani rahbarining o‘g‘illari va jiyanidir. Mansabdor qo‘lga olindi. Terakt to‘g‘risida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sharhlar