Zarba berilgan “Tixoresk” omborida kamida ikki ming tonna qurol-aslaha ortilgan eshelon bo‘lgan
Krasnodar o‘lkasida zarba berilgan “Tixoresk” ombori Ukrainadagi urushda foydalanilgan Rossiya qo‘shinlari uchun eng yirik uchta omborxonadan biridir. Bu Rossiya qo‘shinlarining logistika tizimidagi asosiy omborlardan biri, deya qayd etadi Ukraina qurolli kuchlari (UQK).
Ukraina tomoniga ko‘ra, zarba vaqtida ombor hududida kamida ikki ming tonna o‘q-dori ortilgan poezd ham bo‘lgan.
Shuningdek, Tver oblastida tunda Rossiya Mudofaa vazirligi Bosh artilleriya boshqarmasining 23-arsenaliga zarba berilgan, deya xabar beradi UQK Bosh shtabi. “Ikkala harbiy ob’ekt hududlarida yong‘in va portlash qayd etilgan.”
Rossiya Federatsiyasi ushbu arsenallarga qilingan so‘nggi hujumlarga rasman izoh bermadi. Ma’lum qilinishicha, bir kechada Rossiya Federatsiyasi hududlari uzra 101 ta dron urib tushirilgan. Krasnodar o‘lkasining rahbari Veniamin Kondratevning aytishicha, Tixoreskiy hududida ikkita dron urib tushirilgan va “qulagan vayronalar tufayli” yong‘in boshlangan. Biroq, rasmiy voqea qayerda sodir bo‘lganiga ishora qilmagan.
Tver oblastida dron hujumidan so‘ng Rossiya qurolli kuchlari ombori joylashgan Oktyabrskiy qishlog‘i yaqinida joylashgan “Staraya Toropa” temir yo‘l stantsiyasi evakuatsiya qilingan. “Xavfsizlikni ta’minlash uchun” eng yaqin temir yo‘l liniyalari bo‘ylab poezdlar harakati to‘xtatib qo‘yilgan.
Sharhlar