Taker Karlson Zelenskiy bilan intervyu bo‘lib o‘tishini e’lon qildi
Amerikalik jurnalist Taker Karlson Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan intervyu haqida kelishib olganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”.
Jurnalistning jamoasi ushbu suhbatga erishish uchun ikki yil, ya’ni Ukrainadagi jangovar harakatlar boshidan buyon harakat qilib kelgan. U intervyu yaqin orada chiqishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
“Biz ikki yil urindik, Putin bilan fevraldagi intervyudan keyin yanada qattiqroq harakat qildik. Biz amerikaliklarga o‘z vatanlarining dunyodagi holatini butunlay o‘zgartirib yuboradigan nizo haqidagi zarur axborotni yetkazmoqchimiz”, — deb yozdi Karlson X ijtimoiy tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, 9-fevral kuni Taker Karlson Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 2 soat-u 7 daqiqalik intervyuni e’lon qildi. Suhbat Rossiya va AQSH aloqalari, Ukrainadagi nizo, shuningdek, Rossiya tomonining NATO bilan aloqasiga bag‘ishlandi. Jurnalist Rossiya prezidenti bilan gaplashib olishga qaror qilganini amerikaliklar Rossiyada va Ukrainada bo‘layotgan voqealarni bilmasligi bilan izohladi. Keyinroq Karlson Zelenskiy intervyu bo‘yicha “ko‘p sonli so‘rovlar”ni rad etganini bildirdi.
Sharhlar