Zelenskiy Baydenga Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uning mamlakati ozodlik yo‘lidagi kurashini “barqaror tarzda qo‘llab-quvvatlab kelgan” AQSH prezidenti Jo Baydendan minnatdor ekanini aytdi, deb xabar bermoqda DW. Bu haqda u 22-iyulga o‘tar kechasi X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“So‘nggi yillarda ko‘plab kuchli qarorlar qabul qilindi, ular prezident Bayden tomonidan qiyin davrlarga javoban ko‘rilgan qat’iy choralar sifatida eslab qolinadi”, — deya qayd etdi Ukraina rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u Baydenning prezidentlik poygasidan chiqish borasida “bugungi og‘ir, ammo kuchli qarori”ni hurmat qiladi. “Oq uy bizga mamlakatimizning Putin tomonidan bosib olinishi oldini olishda yordam berdi va bu dahshatli urush mobaynida bizni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi”, — deb yozdi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, AQSH prezidenti Jo Bayden yangi muddatga qayta saylanishga harakat qilmasligini va prezident saylovidan o‘z nomzodini olib tashlashini ma’lum qildi. U muddat oxirigacha prezident lavozimida qolishini ta’kidladi. Bayden, shuningdek, o‘z vitse-prezidenti Kamala Xarrisni davlat rahbari saylovi uchun nomzod sifatida “to‘liq qo‘llab-quvvatlashi”ni bildirdi.
Shundan keyin AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini qo‘yishga erishishini ma’lum qildi. Xarris Baydenning oq fotihasini olish uning uchun sharaf ekanini ta’kidladi.
Sharhlar