“G‘arblik sheriklarimiz Ukrainaning javob zarbalarini qo‘llab-quvvatlashi kerak”. Zelenskiy — Rossiya neft zavodlariga hujumlar tanqid qilinayotgani haqida
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy g‘arblik sheriklar Ukraina hududlarining o‘qqa tutilayotganiga javoban, Rossiya infratuzilmasiga berilayotgan zarbalarni qo‘llab-quvvatlashi kerak, deb hisoblaydi. Shu tariqa u Tataristonga dronlar hujumidan keyin BMTning Rossiya fuqarolik infratuzilmasiga zarbalarni bas qilishga qaratilgan chaqirig‘ini izohladi.
Zelenskiy “nuqul nimanidir qoralaydigan turli xalqaro tashkilotlar”ga minnatdorlik bildirdi. U ushbu tashkilotlar vakillariga avval Rossiya qo‘shinlari muntazam o‘qqa tutib keladigan Xarkovga kelib, shundan keyin “nimadir haqida hukm chiqarish”ni taklif qildi.
“Menimcha, Xarkovda qanday jon saqlash, odamlar qanday qilib chiroqsiz, suvsiz kun kechirayotganini nihoyat tushunib yetish uchun avval bu yerga kelib ko‘rish kerak, keyin qaror berishsizn, qoralasa bo‘ladimi, yo‘qmi. Rossiya kuchdan tashqari, hech narsani tushunmaydi.
Hududimizning noqonuniy bosib olinishi, energetikamizga zarbalar, blekautlar, infratuzilmamizning, gidroelektr stansiyalarimizning portlatilishi — umuman shu ikki yil mobaynida boshimizdan kechirgan hodisalar bo‘yicha barcha qoralab chiqishlarni eshitdik, lekin ular Rossiya hujumlarining kamayishiga olib kelmadi.
Bu shundan guvohlik beradiki, bu odamlar faqatgina kuchli javob bo‘lsa, anglaydi, shu sababli, mening fikrimcha, g‘arblik sheriklarimiz Ukraina tomonidan berilayotgan javoblarni qo‘llab-quvvatlashi kerak”.
Ukraina harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yildan buyon Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 12 marta hujum qilingan (2024-yilda kamida 9 marta). Mart o‘rtalarida Kiyev ikki marta dronlar yordamida eng yirik hujumlarni amalga oshirdi, natijada ketma-ket bir necha kun ichida Rossiyaning yettita energetika obyektiga muvaffaqiyatli zarbalar berildi.
Shundan keyin AQSH hukumati Ukrainani Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni bas qilishga chaqirdi. Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalariga nisbatan AQSHning munosabati ijobiy bo‘lmaganini Zelenskiy ham tasdiqladi.
Sharhlar