Zelenskiy shu hafta Fransiya va Germaniyaga tashrif buyurishi mumkin

Фото: Reuters

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 16-fevral kuni boshlanadigan xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi arafasida g‘arbiy Yevropa mamlakatlariga safar uyushtirishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib. Xususan, Zelenskiy Parij va Berlinga borishi mumkin, ammo safar haqida uzil-kesil kelishib olinganicha yo‘q.

Bloomberg manbalariga ko‘ra, Ukraina prezidentining safardan maqsadi — Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish zaruriyatini asoslash. Agentlik suhbatdoshlari taxmin qilishicha, Zelenskiy katta ehtimol bilan, xavfsizlik kafolatlari haqidagi muzokaralarni talab qilib turib oladi. Shuningdek, Zelenskiy 16—18-fevral kunlari Myunxenda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy konferensiyada qatnashishi kutilmoqda.

Ukraina prezidenti 2023-yilgi Myunxen xavfsizlik konferensiyasida videoaloqa orqali ishtirok etgandi. Tadbir ochilishida so‘zga chiqib, u ittifoqchilarni Ukrainaga yordam ko‘rsatish hamda unga Yevroittifoq va NATO a’zoligini taqdim etish bo‘yicha shoshilishga chaqirgandi. Rossiya esa xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida qatnashishdan bosh tortdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.