Zelenskiy YI bilan xavfsizlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi

Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kelishuv imzolanishi Yevropa kengashi yig‘ilishining ochilishida bo‘lib o‘tdi. Hujjatda Ukrainani harbiy texnika bilan barqaror va uzoq muddatli ta’minlash, harbiy tayyorgarlik, mudofaa islohotlarini qo‘llab-quvvatlash, Yevropa va Ukraina mudofaa sanoati o‘rtasidagi hamkorlik haqida so‘z boradi.

Kelishuvning boshqa bandlari: kiber va gibrid tahdidlarga qarshilikni oshirish, minalardan tozalash, huquqni muhofaza qilish organlarini qo‘llab-quvvatlash, energetika va yadro xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash, razvedka ma’lumotlari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan o‘zaro almashuv. Bundan tashqari, Ukrainaga Yevropa Ittifoqi tomonidan makromoliyaviy va gumanitar yordam, shuningdek, mamlakatni tiklash va islohotlarni amalga oshirishda yordam kafolatlanadi.

Ta’kidlanishicha, harbiy yordam va xavfsizlik majburiyatlari Kievga a’zo davlatlar siyosati va ularning manfaatlarini hisobga olgan holda taqdim etiladi.

O‘z navbatida, Ukraina islohotlarni davom ettirish, olingan yordam bo‘yicha shaffoflik va javobgarlik choralarini kuchaytirish hamda Yevropa Ittifoqi va uning mamlakatlari xavfsizligiga hissa qo‘shish majburiyatini oladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.