Zimbabveda qurg‘oqchilik tufayli falokat rejimi joriy qilindi
Zimbabve prezidenti Emmerson Mnangagva El-Ninyo iqlim hodisasi natijasida yuzaga kelgan qurg‘oqchilik tufayli mamlakatda milliy falokat rejimini e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant”. Davlat rahbari hisob-kitoblariga ko‘ra, qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatish uchun Zimbabvega 2 milliard dollar kerak bo‘ladi.
Emmerson Mnangagva aytishicha, Tinch okeani ekvatorial qismidagi suvning yuza qismida harorat tebranishi bilan bog‘liq bo‘lgan El-Ninyo Zimbabveda oziq-ovqat borasida og‘ir vaziyatni yuzaga keltirgan. Ocharchilikdan birorta ham fuqaromiz o‘lmasligi kerak, deya ta’kidladi u. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatning 2,7 million fuqarosi oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin.
Jahon meteorologiya tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yil kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yil bo‘lgan. O‘tgan yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha harorat sanoatgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichlaridan 1,48 darajaga oshgan. BMT ma’lumotlari bo‘yicha, 2024-yil yanvar va fevralidagi yog‘ingarchilik miqdori so‘nggi 40 yil ichidagi eng kami bo‘lgan.
Sharhlar