Rossiya hujumidan keyin Xarkov viloyatidagi Zmiyov IES butunlay vayron bo‘ldi
Ukrainaning Xarkov viloyatida joylashgan Zmiyov issiqlik elektr stansiyasi butunlay vayron bo‘lgan, deb yozadi “Kommersant” “Sentrenergo” kompaniyasiga tayanib. Ushbu energiya obyekti 22-mart kuni uyushtirilgan raketa hujumi oqibatida zarar ko‘rgan.
“Barcha bloklar yo‘q qilingan, yordamchi uskunalarga zarar yetgan. Vayronagarchilik darajasi turlicha, to‘liqdan tortib, ahamiyatli darajagacha”, — deyiladi “Sentrenergo” xabarida.
Korxonada vayronalarni tartibga keltirish davom etmoqda. Xodimlarda uskunalarning katta qismidan foydalanish imkoniyati mavjud emas. Kompaniya zarar ko‘lamini, qayta tiklash uchun zarur mablag‘ni aniqroq baholash va ta’mirlash muddati bo‘yicha prognoz berish imkoniga ega emas.
Zmiyov IES hududiga energetika vaziri German Galushchenko kelib, “maksimal darajada yordam berish”ni va’da qildi.
22-mart kuni Ukraina harbiy va energetika obyektlariga raketa va dronlar bilan yoppasiga zarbalar berilgandi. Shundan keyin Ukraina hukumati Dnepr GES va boshqa energetika obyektlari ishdan chiqqanini ma’lum qilgandi.
Sharhlar