Ozbekistonda ekologik baholash tizimi ơrganilmoqda
2019-yil 22-yanvar kuni Toshkent shahrida «O‘zbekistonda atrof-muhitni strategik baholashning zamonaviy tizimi yo‘lida» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir 2018-yil iyun oyida Markaziy Osiyo atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha xalqaro forumi doirasida o‘tkazilgan birinchi subregional seminarning mantiqiy davomi bo'ldi hamda atrof-muhitga ta'sirni transchegaraviy baholash, xususan, atrof-muhitga ta’sirni baholash (AMTB) zamonaviy tizimini joriy etish va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bir qatorda O'zbekistonda amalga oshirish zaruriyati bag'ishlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda, Germaniya Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi bo'yicha federal vazirligining moliyaviy ko’magi bilan tashkil etildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralarning vakillari seminarda ishtirok etdilar.
Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari O‘ktam Utaev va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) atrof-muhit bo'yicha mintaqaviy maslahatchisi Sarangoo Radnaargchaa ochib berdilar.
— Bugungi kunda mintaqada ekologik xavfsizlikni ta'minlash va iqtisodiy rivojlanish o‘zaro ajralmas munosabatda ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Oxirgi yilllar davomida dunyoda sodir bo‘layotgan tabiiy o‘zgarishlar bugun bizni nafaqat atrof-muhitni asrash uchun, balki barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash uchun tabiat muhofazasiga ulkan miqdorda mablag' sarflashga undaydi, – dedi O‘ktam Utaev. — O'zbekiston yashil iqtisodiyot yo'lida, ayni paytda atrof-muhitni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratish bilan birga iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tezlashtirish bo'yicha vazifalarni bajarishga intilmoqda.
Ekologiya qo'mitasi raisining o'rinbosari ta'kidlaganidek, O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonuni 2000 yil 25 may kuni qabul qilingan (73-II-son). Davlat ekologik ekspertizasini baholashda 18 yil davomida ushbu qonunga uning ijobiy va salbiy tomonlarini tan olgan holda tayanildi. Biroq, iqtisodiyotni rivojlantirish bo’yicha mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosatni inobatga olgan holda, xalqaro, zamonaviy talablarga moslashtirish va milliy ekologik ekspertizaning salohiyatini oshirish maqsadida ushbu qonunni takomillashtirish zaruriyati yuzaga keldi.
Sarangoo Radnaaragchaa o'z nutqida 2018 yilda strategik ekologik baholashning (SEB) zamonaviy tizimlarini va AMTBni joriy etish maqsadida yangi huquqiy asoslarni ishlab chiqishga O'zbekiston tomonidan katta qiziqish bildirilgani va yangi milliy qonunchilikni Espo Konvensiyasi hamda va SEB bo'yicha Protokol qoidalariga muvofiqlashtirishda ko’mak uchun BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasiga (BMT YIK) murojaat qilinganini ta’kidlab o’tdi.
— BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda O’zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo'mitasi tomonidan, Shveytsariya va Germaniya hukumatlari moliyaviy ko’magi bilan Espoo konventsiyasi qoidalari va SEB protokoliga muvofiqlashtirish uchun O'zbekistonning AMTB sohasidagi qonunchiligini tahlil qilish bo'yicha qo'shma loyiha boshlandi, — deya ta'kidladi BMT YIK Ekologiya bo'yicha mintaqaviy maslahatchisi. — 2018 yil avgust oyida bo'lib o'tgan muvaffaqiyatli seminar va 2018 yil oktyabr oyida Oliy Majlis a'zolari hamda qo'mita vakillari ishtirokidagi samarali muhokamalar natijalari bo'yicha «Atrof-muhitni baholash to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish loyihasini ishlab chiqishda tegishli ko’mak olish maqsadida O’zbekiston BMT YIKga murojaat qildi. Yakuniy seminarda Espoo konvensiyasi va SEB to'g'risidagi protokol tahlili natijalariga e'tiboringizni qaratamiz.
Seminarning asosiy ma'ruzachisi huquqshunoslik sohasidagi xalqaro maslahatchi Andrey Andrusevich bo’ldi. Tadbir davomida u atrof-muhitga ta'sirni baholash va O'zbekiston Respublikasida atrof-muhitni strategik baholash tizimi, shuningdek «Davlat ekologik ekspertizasi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi bo’yicha taqriz taqdim etdi.
— Taqrizda aniq xulosalar mavjud va asosiy xulosalardan biri shundaki, O'zbekiston Respublikasida rejalashtirilgan iqtisodiy faoliyatning atrof-muhitni baholash tizimi yetarli darajada samaralidir, — deb ta'kidladi ekspert. — U o’ziga xos, xattoki noyob deb ayta olaman. Va u atrof-muhit yuzasidan o'z vazifalarini bajaradi. Biroq, agar xalqaro standartlar, investorlar, rivojlanish banklari va boshqalar nuqtai nazaridan qaralsa, u albatta xalqaro darajadan katta farq qiladi. Ayni paytda, bu sobiq sovet davlatlaridagi AMTB ekspertizasi tizimidir, tashqi investorlar uni tushunishmaydi. Shuning uchun biz bir necha bo'shliqlarni bartaraf etishni taklif qilyapmiz. Xususan, ikkita asosiy kamchilik mavjud: shaffoflik va jamoatchilik ishtiroki, shuningdek, qonun hujjatlarida noaniqliklar. Amalda, investorlarga taqdim etiladigan talablar qonuniy asosga ega emas, qonunlar yetarli darajada batafsil va aniq bo'lishi kerak. Tashqi investorlar uchun qonunchilik talablarining amaliyotga mos kelishi nihoyatda muhimdir. Bu tizim tashqi investorlar uchun yanada tushunarliroq bo’lishi uchun modernizatsiya qilinishi kerak.
Spiker qonunchilikni isloh qilishning qo'shimcha elementlari, xususan, atrof-muhitga ta'sirni baholash tizimining o'rni va qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish bo'yicha o'z fikrlarini bildirdi. «Ekologik baholash to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasining taqdimotida Andrey Andrusevich seminar ishtirokchilarini yetti asosiy bo'limdan iborat hujjat tarkibi bilan tanishtirdi.
Seminar yakunida O'zbekistonda SEB zamonaviy tizimini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha keyingi tadbirlar muhokamasi bo'lib o'tdi va natijalar sarhisob qilindi.
Ekologik baholash – rejalashtirilgan faoliyatning atrof-muhitga ta'sirini tizimli tahlil qilish va baholash, manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashish, shuningdek ushbu tahlil va konsultatsiyalar natijalarini faoliyatni rejalashtirish, loyihalash, tasdiqlash va amalga oshirishda hisobga olish jarayoni.
Шарҳлар