Homiladorlikda tishlarni davolatishning homilaga zarari qanday

Foto: Aniq.uz

Homiladorlik — ayol organizmida katta o‘zgarishlar yuz beradigan palla. Xususan, bu davrda tishlar va milk bilan bog‘liq ayrim muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Yuqoridagi savolga oliy toifali shifokor Miravzal Irxanov javob berdi.

Homiladorlikda tishlar va milklarning yaxshi parvarish qilinishi juda muhim, — deydi mutaxassis. — Chunki mazkur holat umumiy salomatlikka ham ta’sir ko‘rsatadi.

Aytish lozimki, bu davrda gormonal o‘zgarishlar tufayli milk va tishlar sezuvchan bo‘lib qoladi. Oqibatda milklar yallig‘lanib, tez-tez qonaydi. Yallig‘lanish (gingivit) homiladorlarda juda keng tarqalgan kasallik bo‘lgani bois, tishlarni o‘z vaqtida davolatish va profilaktika choralarini ko‘rish zarur. Agar bu muammolar tezda bartaraf etilmasa, ular yanada jiddiyroq kasalliklarga sabab bo‘lishi, jumladan, parodontit — milkning og‘ir yallig‘lanishi va tishlarning tushishiga olib kelishi mumkin.

Albatta homiladorlikda tishlarni davolatish mumkin, biroq buning uchun ayrim qoidalarga rioya qilish maqsadga muvofiq.

Ayniqsa, birinchi uch oylikda har qanday davolanishni kechiktirish tavsiya qilinadi. Sababi bu davr homila uchun eng muhim rivojlanish pallasi hisoblanadi.

Ikkinchi uch oylik esa, aksincha tishlarni davolatish uchun qulay va xavfsiz davrdir. Boisi bu vaqtga kelib, homilaning asosiy organlari shakllanib ulguradi.

Uchinchi uch oylikda ham davolanishni imkoni boricha kechiktirish yoki yengil tartibda o‘tkazish kerak. Qolaversa, uzoq muddatli muolajalar yoki og‘ir operatsiyalardan qochish maqsadga muvofiq. Sababi bu holat ayolning umumiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, agar tishlarni rentgen qilish zarurati tug‘ilsa, buni maxsus himoya vositalaridan foydalangan holda amalga oshirish mumkin.

E’tibor berish kerak bo‘lgan asosiy narsa shuki,  har qanday davolanish oldidan ayol homilador ekanligi haqida stomatologga xabar berishi zarur.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.