Talabalar iqlim o‘zgarishi muammolari yechimini ilg‘or texnologiyalar yordamida izlashdi
«Issiqxona effekti» tufayli yuzaga kelgan global iqlim o’zgarishi asosiy xalqaro va siyosiy muammodir. Iqlim oʻzgarishining turli muammolari oʻrtasidagi bogʻliqlik va ularni texnologiya yordamida qanday hal qilish mumkinligi – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va taraqqiyot vazirligi (FCDO) bilan hamkorlikda Xalqaro raqamli universitet (IDU) va TEAM universiteti talabalari ishtirokidagi “Iqlim o‘zgarishi xaritasi” seminari aynan shu masalalarga bag’ishlangan edi.
«Seminar muhim mavzuga – iqlim o‘zgarishi muammolariga, xususan, O‘zbekiston issiqxona gazlari chiqindilarini 2030 yilga qadar 35%ga kamaytirish bo‘yicha yangi majburiyatlarni olgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy konventsiyasi Tomonlari konferensiyasining 26-sessiyasi yakunlariga bag‘ishlangan», – dedi loyiha maslahatchisi Aleksey Semenov.
Seminarda talabalar mamlakat o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar va belgilangan maqsadlarga erishish bilan bog‘liq vazifalar yechimini izlashdi, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha sabab-ta’sir xaritalarini yaratish ustida ish olib borishdi, iqlim o’zgarishi bilan bog’liq noqulay ekologik hodisalarga yaxshiroq moslashish uchun aholining xabardorligini oshirishga xizmat qiluvchi mobil va kompyuter ilovalari prototiplarini ishlab chiqishdi.
“Bugun men iqlim oʻzgarishi jiddiy muammo ekanligini tushundim.Har bir inson oʻz masʼuliyatini anglagan holda atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qoʻshishi kerak”,- deydi IDU talabasi Madina Fayzullaeva.
Ishtirokchilar, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmatlari markazi (O‘zgidromet) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha siyosiy harakatlar – II bosqich” mintaqaviy loyihasi , uning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, loyiha yoshlarni iqlim o‘zgarishi masalalariga qanday jalb etishni nazarda tutishi bilan tanishdilar.
Seminarning maqsadlaridan biri talabalarda iqlim o‘zgarishi, uning oqibatlari va ushbu muammolarni hal qilish yo‘llari haqida tushunchalarni shakllantirish edi. Shu maqsadda loyiha yoshlar uchun iqlim o‘zgarishi muammolari haqida ko‘proq ma’lumot olishga yordam beradigan onlayn kursni ishlab chiqdi. Kursga roʻyxatdan oʻtish https://forms.gle/sXRBuwhFDQVuWLbaA havolasi orqali hamma uchun ochiq.
Шарҳлар