Viloyat Qizil Yarim Oy Jamiyatining ko‘magi natijasida Rasuljon salomatligi tiklandi

Viloyat Qizil Yarim Oy Jamiyatining ko‘magi natijasida Rasuljon salomatligi tiklandi

Jizzax tumanida istiqomat qiluvchi Rasuljon Musurmonov bundan olti yil muqaddam avtohalokatga uchradi. Tibbiyot xodimlarining ko‘magida hayoti saqlab qolingan Rasuljonda keyinchalik avtohalokatning asoratlari saqlanib qoldi. Shifokorlar unga umurtqa churrasi tashxisini qo‘yishdi.

Rasuljonning ota-onasi farzandining sog‘lom insonlar kabi jamiyatga foyda keltiruvchi shaxs bo‘lishini orzu qilgan edilar.  Avtohalokat tufayli ularning bu niyatlari chippakka chiqdi.  U to‘shakka mixlanib qolgan edi. Ota-ona farzandini ko‘rsatmagan shifokori, olib bormagan shifoxonasi qolmadi.

Shunday kunlarning birida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatidan madad so‘rab, ularning ko‘magida farzandi salomatligini tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Jamiyatning Jizzax viloyat va Jizzax tuman tashkilotlarining tashabbusi va beg‘araz ko‘magi asosida Rasuljon jarrohlik stoliga yotqizildi. Malakali vrachlar tomonidan amalga oshirilgan operatsiya bemorning sog‘lomlashishiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda bemorning xolidan xabar olinib, uning to‘laqonli sog‘ayib ketishi uchun dori-darmonlar ham yetkazib turilibdi.

– Hozir o‘g‘limning ahvoli ancha yaxshi. Shifokorlar Rasuljonni butunlay oyoqqa turib ketishini ishonch bilan aytishmoqda. Bugun quvonchimni kim bilan bo‘lishishni bilmayman. Avvalo bizga chin ma’nodagi insonparvarlik yordamini ko‘rsatgan Qizil Yarim Oy Jamiyati Jizzax viloyat tashkiloti xodimlariga, qolaversa, qo‘li engil shifokorlarga, o‘g‘limning holidan kechayu kunduz xabardor bo‘lib turgan Gulnora Nazarova, Nasiba Fozilova singari shirinso‘z hamshiralarga oila a’zolarim nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman, – deydi R.Musurmonovning onasi Sharofat Iskandarova.

Insonparvarlik tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati   Respublikamizdagi boy tajribaga ega  tashkilot hisoblanadi. 1925-yildan buyon faoliyat yuritayotgan mazkur jamiyat   1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati haqida»gi  farmoniga binoan mustaqil insonparvarlik jamoat birlashmasi maqomiga ega bo‘ldi.

  Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati
 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.