Haydovchi quyosh ko‘zini qamashtirgani sababli piyodani ko‘rmay qolgan natijada YTH sodir bo’ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Matiz avtomobili haydovchisi yo‘lni kesib o‘tayotgan ayolni urib yuborgan videotasvir tarqaldi. Hodisa natijasida ayol yengil tan jarohati olib, qisqa muddatli sog‘lig‘i buzilishiga uchradi.
Buxoro shahar sudi 39 yoshli haydovchi N.Z.ga nisbatan ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi, deb xabar bermoqda UzNews.uz muxbiri sud qaroriga tayangan holda.
Sud materiallariga ko‘ra, haydovchi piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotganda Yo‘l harakati qoidalarining 2.11-band “g” qismi, 3, 77 va 109-moddalari talablarini qo‘pol ravishda buzgan. U yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani o‘tkazish uchun tezlikni kamaytirmagan va to‘xtamagan.
Sudda haydovchi, yo‘lning piyodalar yo‘lagida quyosh ko‘zini qamashtirgani sababli piyodani ko‘rmay qolganini aytdi. U voqea joyida jabrlanuvchini darhol shifoxonaga yetkazganini ham qo‘shimcha qildi.
Sud qaroriga binoan, N.Z. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 133-moddasi 1-qismi (Transport vositasi haydovchisining yo‘l harakati qoidalarini buzishi, jabrlanuvchiga engil tan jarohati yetkazishi yoki jiddiy moddiy zarar keltirishi) bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga 6 BHM miqdorida, ya’ni 2 million 40 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Sharhlar