“Bugungi voqealar Putin qotil ekanini tasdiqlaydi”. Zelenskiy — Navalniyning o‘limi haqida

Foto: Focus.ua

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning koloniyada vafot etishi Vladimir Putin qotil ekanini tasdiqlashini va saylovlarda unga ovoz beradigan odamlar o‘zlariga qotil prezidentni saylayotganini anglashi kerakligini aytdi. Bu haqda Ukraina yetakchisi 16-fevral kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Parijda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

“Bugungi voqealar shundan darak beradiki, Putin qotildir. Bu shunchaki ishora emas. U qotil ekani kunday Ravshan. Bu borada boshqa hech qanday maxfiylik yo‘q. Bu faktning o‘z tasdig‘ini topishi, signal aniq-ravshan, uni yetakchilarga yuborish mumkin — ko‘ryapmizki, saylovlarga qotil bormoqda. Unga ovoz beradigan odamlar esa qotilga ovoz berayotganini va o‘zlariga qotil prezidentni saylashini tushunishi kerak. Bugungi kunda bu odam bilan iqtisodiy aloqalar olib borayotganlar esa, yetakchilik darajasidan qat’i nazar, qonli pul ishlab topayotganini bilishi kerak, chunki ular qotil bilan shartnoma tuzgan. Saylovlardan keyin prezidentni saylangani bilan tabriklaydiganlar esa ular qotilni qonuniylashtirganini bilishi kerak. Mana shunday hammaga tushunarli bo‘lgan signallar. Ammo menimcha, bu signal emas, balki haqiqatning tasdiqlanishi”, — dedi Zelenskiy.

Emmanuel Makron o‘z navbatida Rossiya Aleksey Navalniyning o‘limiga aniqlik kiritishi kerakligini aytdi. “Aleksey Navalniyning vafoti Kremlning zaifligi va o‘z muxoliflariga nisbatan qo‘rquvidan darak beradi. Rossiya o‘zining erkin fikrga ega fuqarolarini GULAGlarga yuboradi va ularni o‘lim jazosiga hukm qiladi”, — dedi Fransiya prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni Yamal-Nenetsk muxtor okrugi bo‘yicha Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy Xarp qishlog‘idagi “Polyarniy volk” koloniyasida vafot etganini ma’lum qildi. Muassasa talqiniga ko‘ra, siyosatchi sayrdan keyin o‘zini yomon his qilgan. RT propaganda telekanalining manbasi Navalniy o‘limining sababini tromb uzilib ketishi bilan izohladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.