“Samarqand suv ta’minoti” kreditni abonentlarga qaytarilishi kerak bo‘lgan “iflos pullar” hisobidan qaytardi

Кран
Фото: freepik.com

Samarqandning “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ hududiy suv ta’minoti korxonasi ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarni asossiz oshirilganligi sababli o‘z abonentlariga 27,097 milliard so‘mni (2,2 million dollar) qaytarishga majbur. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Samarqand viloyati boshqarmasi shunday xulosaga keldi.

To‘lovni qaytarish so‘rovi 2022 yil oktabr oyida berilgan, biroq kompaniyaning o‘zi shu kungacha bu mablag‘lar avvalroq hukumat kafolati ostida olingan xalqaro kredit majburiyatlarini to‘lashga sarflanganini asoslab, ushbu pulni abonentlarga qaytarishdan bosh tortmoqda.

Viloyatda suv resurslarining cheklanganligi va davomli qisqarishi, texnologik jihozlar va suv ta’minoti tarmoqlarining eskirishi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarining to‘g‘ri ishlashi tarmoqlar va texnologik jihozlarni doimiy rekonstruksiya qilish va yangilab borishni taqozo etadi. Past rentabellik, o‘zini oqlash muddati uzoq va natijada tadbirkorlik uchun jozibador emasligi sababli, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini yangilash asosan xalqaro banklarning davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlarini jalb etish hisobiga amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023 yil noyabr holatiga ko‘ra, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimida umumiy qiymati 2,1 milliard dollar bo‘lgan 22 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatdagi sakkizta loyiha rejadagidan ortda qolgan.

Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, eng arzon ichimlik suvi ta’minoti mamlakatimizning eng rivojlangan va qimmat mintaqasida – Toshkent shahrida joylashgan. Eng yuqori tariflar mamlakat hududlarida bo‘lib, ularda narx poytaxtdagidan bir necha barobar yuqori.

Nega viloyatlarda poytaxtdan qimmatroq?

Ichimlik suvi va kanalizatsiya narxlaridagi tafovut, birinchi navbatda, tarmoq va uskunalarni rekonstruksiya qilish uchun jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobiga paydo bo‘ladi va bu kreditlarning qaytarilishi xizmatlar narxiga bevosita ta’sir qiladi.

So‘nggi paytlarda mintaqalarda o‘rtacha suv ta’minoti va kanalizatsiya narxlari sezilarli darajada oshdi, ammo hozir ham ularni qimmat deb bo‘lmaydi. Bu fikrni chet ellik ekspertlar ham qo‘llab-quvvatlamoqda, ular tariflar doimiy ravishda oshirilayotganiga qaramay, O‘zbekistonda ularning narxlari bozor bahosi emas, balki arzonligicha qolmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) direktori Kristalina Georgiyeva joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida iste’molchilarni suv resurslarini tejashga undash uchun suvning bozor narxlarini belgilash zarurligi haqida o‘z fikrini bildirdi:

“Suvga har tomonlama iqtisodiy va siyosiy yondashuv zarur. Suvning bozor narxi hali shakllangani yo‘q, bu sizning oldingizda turgan va amalga oshirilishi kerak bo‘lgan islohotdir. Buni ijtimoiy oqibatlarini o‘ylab, juda ehtiyotkorlik bilan qilish kerak. O‘zbekiston hozirda ijtimoiy himoya bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichlarga erishmoqda va xuddi shunday ijtimoiy himoyani suvga ham qaratish mumkin. Ammo shuni aytmoqchimanki, agar suvga qadrlashimiz kerak bo‘lmagan narsa sifatida qarasak, yaxshi natijalarga erishish qiyin bo‘ladi”.

Biroq “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ tomonidan qog‘ozda ko‘rsatilgan xarajatlar amalga oshirilmagani va iste’molchilarning pul mablag‘lari o‘zga maqsadlarga sarflangani bevosita iste’molchilar huquqlari buzilganligi, tabiiy monopoliya maqomiga ega davlat korxonalariga ishonchni susaytirmoqda.

Shunday qilib, tariflarning oshishi har doim ham sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining yaxshilanishini ko‘rsatmasligi mumkin.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ faoliyati to‘g‘risidagi 2022 yil 21 oktabrdagi xulosasida quyidagilarni qayd etadi:

“Bajarilmagan ishlar uchun haq to‘lash, shuningdek, xomashyo va materiallarning tannarxlari va boshqa xarajatlarini to‘lamaslik hisobiga tariflarning shakllanishi 1 m3 suv uchun haqiqiy xarajatlarga nisbatan 526,6 so‘mga asossiz oshishi natijasida 27,097 mlrd so‘m miqdorida asossiz daromad olingan”.

Tariflarni shakllantirish va xarajatlarni amalga oshirishdagi buzilishlar qatorida quyidagilar ko‘rsatilgan:

“2021 yil hisobot davrida qurilgan va suv ta’minoti korxonasi balansiga olingan obyektlar bo‘yicha hukumat qarorlariga asosan avizo dalolatnomalari asosida 13 milliard 115 million so‘m miqdoridagi amortizatsiya xarajatlari asossiz hisobga olingan”.

“Ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan hududlarda belgilangan tariflarga rioya qilmaslik natijasida avtotransport vositalari orqali suv yetkazib berishda 2020 yil uchun 5,66 million so‘m, 2021 yil uchun 42,47 million so‘m, 2022 yil uchun 28,79 million so‘m, jami, 76,92 mln.so‘m asossiz daromad olingan”.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Samarqand viloyati hokimligi tomonidan asossiz olingan 27 milliard 097 million so‘m daromadni qaytarish to‘g‘risida yozma talab mavjud bo‘lishiga qaramay, “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ ularni ixtiyoriy ravishda qaytarishdan bosh tortdi va ish tegishli xo‘jalik sudlari tomonidan ko‘rib chiqildi.

Samarqand shahar xo‘jalik sudi sudyasi Q. To‘xtayevning 2023 yil 2 fevraldagi 4-1401-2201/4513-sonli xo‘jalik ishi bo‘yicha qarori bilan sudda javobgar bo‘lgan “Samarqand suv ta’minoti” MCHJga hal qiluv qarori qabul qilinish jarayonida da’voning 250,0 mln.so‘m qismini to‘lash, qolgan 26,847 mlrd. so‘m miqdorini Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Raqobatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga to‘lash majburiyati yuklagan.

Apellyatsiya instansiyasi – Samarqand viloyat sudi xo‘jalik ishlari bo‘yicha kollegiyasi sudyasi O.Nurimov raisligida 2023 yil 6 aprelda “Samarqand suv ta’minoti” MCHJdan atigi 988,9 million so‘m undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Sud qolgan 26,1 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ budjetdan tashqari Raqobatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri aniqlangan iste’molchilarga qaytarilishi mumkinligini hisobga olgan holda, qolgan da’volarni rad etdi:

“Da’vogar tomonidan Nizom talablariga muvofiq, asossiz hisoblangan mablag‘larni qaytarish uchun iste’molchilarni aniqlashning imkoni yo‘qligi faktlari isbotlanmagan. Shu bilan birga, sudlanuvchi tomonidan taqdim etilgan 2023 yil 5 apreldagi 01/04-1177-sonli ma’lumotnomada 2023 yil 1 aprel holatiga 295 397 ta xonadon va 1 120 448 ta maishiy iste’molchiga xizmat ko‘rsatilayotgani, shundan 53 141 ta xonadon va 197 1 ta maishiy iste’molchiga avtotransport vositalari orqali iste’molchilarga yetkazib berilgan, 7892 abonent esa ulgurji iste’molchilar bo‘lib, ularga ham xizmatlar ko‘rsatilgan va xizmat ko‘rsatilayotganligi haqida axborot bazasida tegishli ma’lumotlar mavjud. Bu fakt pulni qaytarish uchun iste’molchilarni aniqlash imkoniyatini inkor etmaydi”, — deyiladi apellyatsiya sudining qarorida.

Shu bilan birga, da’vo arizasida javobgar pul davlat majburiyatlari evaziga olingan xalqaro kreditni to‘lash uchun sarflanganligini asos qilib, da’voni qanoatlantirmaslikni so‘ragan. “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ sudda 2021 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatda xalqaro kreditlar bo‘yicha jami 30,88 milliard so‘m asosiy qarz va foizlar to‘langani to‘g‘risida bank ma’lumotnomasini taqdim etgan, uning so‘zlariga ko‘ra, audit paytida bular hisobga olinmagan. Iste’molchilar o‘z pullarini hech qachon qaytarib olmasligi ehtimoli katta.

“Samarqand suv ta’minoti” MCHJ ta’sischisi maqomidagi “O‘zsuvta’minot” AJ Anhor.uz tahririyati so‘roviga javoban, sud qarorlarida iste’molchilarga pul mablag‘larini qaytarish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmalar mavjud emasligini ma’lum qildi:

“Aytish joizki, sud sud hujjatining yakuniy qismida iste’molchilarni qayta hisob-kitob qilish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tmagan”, – deydi “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi X.Rahmatullayev.

Rahmatullayev, shuningdek, 2021 yilda “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xalqaro moliya institutlari, jumladan, Fransiyaning Natixis korporativ va investitsiya banki, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot (XTTB) banki ishtirokidagi loyihalar bo‘yicha kreditlarni qaytarish uchun 38,10 milliard so‘m ajratilganini ma’lum qildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi apellyatsiya sudi qaroriga rozi emasligi va 26,1 mlrd. so‘m miqdorida qolgan qismini budjetdan tashqari Raqobatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi foydasiga undirish talabi bilan kassatsiya tartibida tegishli da’vo Oliy sudga yuborilgani haqida xabar berdi.

“Biz “Samarqand suv ta’minoti” MCHJdan asossiz ravishda ushlab qolingan pullarni abonentlarga qaytarishni yozma ravishda talab qildik, lekin ular hali ham bunday qilmadilar. Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktabrdagi “Tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) deklaratsiyalash (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 239-son qarorining 43-moddasiga asosan xo‘jalik yurituvchi subyekt narxlarni shakllantirish tartibi buzilganligi natijasida iste’molchilarga qaytarilishi yoki iste’molchilarni aniqlashning imkoni bo‘lmagan taqdirda, Raqobatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi foydasiga maxsus tranzit hisobvarag‘iga yechib olinishi kerak. “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ abonentlari haqida bizga ma’lumot bermagan, shuning uchun ham iste’molchilar foydasiga sudga bora olmaymiz”, – deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i J.Ashurov.

Iqtisodiy rivojlanish markazi ilmiy rahbari Yuliy Yusupov fikricha, suv narxi, birinchidan, iste’molchilarni undan oqilona foydalanishga undashi, ikkinchidan, suv yetkazib berish xarajatlarini ham o‘z ichiga olishi kerak.

«Ammo bu narx «bozor» bahosi bo‘lishi mumkin emas, chunki uni shakllantirish mumkin bo‘lgan erkin raqobat bozori mavjud emas. Suv yetkazib berish xizmatlari sektori “tabiiy monopoliya” deb ataladi, ya’ni iste’molchida faqat bitta yetkazib beruvchi bor va bunga tabiiy texnologik sabablar bor. Tabiiy monopoliyalar xizmatlari narxlari davlat tomonidan nazorat qilinadi, deydi Yusupov.

“Shuning uchun suv xizmatlari narxini belgilashdagi asosiy muammo bu narxlarning “bozor talabida emasligi” emas, balki bu soha hali ham isloh qilinmaganligi, eskirgan ma’muriy usullar bilan boshqarilishi va uni boshqarayotgan mansabdor shaxslar oshirib yuborilgan xarajatlarni budjetga yoki iste’molchilarga yuklashida. Xarajatlar oshirilgan, chunki mansabdor shaxslar, ta’rifga ko‘ra, ularni kamaytirishga qiziqmaydi: ular bundan hech qanday moddiy foyda olmaydilar.

Bundan tashqari, xarajatlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularning qo‘lidan o‘tadigan moliyaviy oqimlar shunchalik ko‘p bo‘ladi va bu oqimlardan “pul topish” uchun imkoniyatlar ham ko‘p bo‘ladi, deydi Yusupov.

“Bizda samarasizlikni iste’molchilarga yuklashni “islohotlar” va “bozor narxlariga o‘tish” deb atashni yaxshi ko‘rishadi, lekin bu aslida yolg‘on. Real sektordagi islohotlar bozor raqobati elementlarini va davlat-xususiy sheriklikning shaffof mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi. Iste’molchilarga suv yetkazib berish jarayonida o‘zining “tabiati” bo‘yicha xarajatlarni kamaytirish va suv yo‘qotilishini kamaytirishdan manfaatdor bo‘lgan nodavlat kompaniyalarni raqobat asosida jalb qilish kerak (bugungi kunda sug‘orish tarmoqlarida chuchuk suvning 35-40% yo‘qolmoqda).

Mutaxassisning ta’kidlashicha, xarajatlar qancha kam bo‘lsa va iste’molchi qancha ko‘p suv olsa, xususiy kompaniya shunchalik ko‘p foyda oladi.

“Shuning uchun suv ta’minoti sohasida davlatning asosiy vazifasi suv yetkazib beruvchilarni o‘z ish samaradorligini oshirishga undaydigan samarali o‘yin qoidalarini yaratishdan iborat. Monopoliyaga qarshi qo‘mita va iqtisodiy siyosat bilan shug‘ullanuvchi boshqa davlat organlari aynan mana shu narsaga e’tibor qaratishlari darkor”.

Tabiiy monopoliyalar tomonidan taqdim etiladigan suv ta’minoti va boshqa resurslar narxlarining yanada oshishi muqarrar. Narxlarni ko‘tarish iste’molchilar resurslarni tejash va ulardan samarali foydalanish uchun ham zarur. Biroq iste’molchilar tomonidan to‘langan pul mablag‘lari ham samarali va maqsadli sarflanishi muhim.

Tabiiy monopoliya subyektlari tadbirkorlik subyekti maqomiga ega ekanligini hisobga olsak, ular uchun tariflar va xarajatlarni shakllantirish to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar tijorat ma’lumoti bo‘lib, jamoatchilikka oshkor etilmaydi, biroq manfaatdor shaxslar bo‘lgan abonentlar ushbu ular to‘lagan pul qayerga sarflanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Hozirgi sharoitda iste’molchilarning umidi faqat qonun bilan iste’molchilar foydasiga ish ko‘rish vakolatiga ega bo‘lgan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining samarali faoliyatiga bog‘liq.

Mirzo Subxanov

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.