“A” yo‘laklar avtoturargoh emas: Toshkentda qoidabuzarliklarga qarshi kurash
Toshkent shahrida jamoat transporti uchun maxsus ajratilgan “A yo‘laklar” xususan avtobuslar hamda imtiyozli avtomobillar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular jamoat transportlarining harakatini tezlashtirish, yo‘lovchilarni manziliga tez va oson yetkazish uchun joriy etilgan.
“Toshkent shaharda avtobuslarning erkin va barqaror harakatlanishini ta’minlash maqsadida maxsus A yo‘laklari tashkil etildi. Bu yo‘laklar orqali avtobuslar belgilangan jadval asosida bekatlarda to‘xtab, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatadi. Qachonki, shaxsiy avtomobil egalari va taksi haydovchilari bu yo‘laklardan avtoturargoh sifatida foydalanishni to‘xtatsa” – deydi avtobus haydovchi Hasan Babayev.
A yo‘laklaridan shaxsiy va yo‘nalishli transport vositalari avtoturargoh sifatida foydalanishi natijasida yo‘llarda tirbandliklar va yo‘l qoidalarining buzilishi kabi muammolar kuzatilmoqda. Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati boshqarmasi va “Toshshahartransxizmat” AJ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reyd tadbirlarida shu kabi holatlar bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqladi.
Inspektorlar tomonidan qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy tarzda bayonnoma rasmiylashtirilib, zarur choralar ko‘rildi. Ayniqsa maxsus yo‘laklardan avtoturargoh sifatida foydalanib, avtobuslar va imtiyozli avtomobillarning harakatlanishga xalal berayotgan fuqarolarga qat’iy choralar ko‘rildi.
Jumladan poytaxtning eng gavjum ko‘chalari hisoblangan Shayxontohur tumani Alisher Navoiy ko‘chasi, Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida olib borilgan reyd tadbirlari davomida yo‘l belgisiga amal qilmasdan A tasmadan harakatlanishi, yo‘l chizig‘ini bosib harakatlanishi yoki maxsus tasma ichida to‘xtab turish kabi qoidabuzarliklarni amalga oshirgan haydovchilar ushlanib, ularga nisbatan tegishli choralar qo’llanildi.
Mavjud yo‘l belgilariga rioya qilmasdan shaxsiy avtomobilini A belgili yo‘laklarga qo‘ygan va “zarur ishlarni” bajarish bahonasida qoidalarni buzgan haydovchilar bilan inspektorlar suhbat o‘tkazib, buni qonunga zid ekanligini tushuntirdi. Sodir etilgan qoidabuzarliklar boshqa avtomobillarning harakatlanishiga to‘sqinlik qilishi va qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi bildirildi. Suhbatlar sabab ba’zi haydovchilar o‘z aybini anglab yetgan bo‘lsa, ba’zilar qilgan ishi uchun javob berishdan qo‘rqib, inspektor chaqirig‘iga javob bermagan holda voqea joyidan qochishga yoki berkinishga urinishdi. Bunday vaziyatda inspektorlar tomonidan avtomobilning davlat raqami orqali haydovchining ma’lumotlar aniqlashtirilib, ularga nisbatan qoida buzarliklar rasmiylashtirildi va chora ko‘rilishi bildirdi.
Anhor.uz’ning avvalgi “Toshkent shahar jamoat transportlaridan foydalanish” haqidagi materiallarida ham ayni poytaxtda yuzaga kelayotgan tirbandliklar va ularning qator sabablari, shuningdek jamoat transportlarining afzalliklari haqida yetarlicha ma’lumot berilgandi. Ushbu reyd tadbirlarining maqsad va vazifasi ham shu aslida. Ya’ni jamoat transportlariga aholining qiziqishini orttirish, avtobuslarning hajmi va sonini oshirishi, natijada tirbandliklarsiz yo‘llar, toza havo va shahar ozodaligiga erishishdir. Anhor.uz o‘rganish va surishtiruvlarini davom ettiradi.
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar