Toshkent metropoliteni Rossiyaning AQSh sanksiyalari ostidagi “Metrovagonmash” kompaniyasidan poyezdlar xarid qilmoqda
“Toshkent metropoliteni” DUK boshqaruv kompaniyasi 2024-yil 29-may kuni Toshkent shahriga uchta yangi to‘rt vagonli zamonaviy metropolitenning harakatlanuvchi tarkibi keltirilishini ma’lum qildi. Xuddi shunday poyezdlar avvalroq ham keltirilgan va 2023-yilning may oyidan AQSh hukumatining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vagonlar kelgusida ham yetkazib berilishi kutilmoqda.
2023-yil may oyida Tbilisi meriyasi (Gruziya) Rossiya kompaniyasiga sanksiya cheklovlari qo‘yilgach, Metrovagonmash bilan 40 ta yangi metro vagonlarini sotib olish bo‘yicha kelishuvni bekor qildi:
“2023-yilning 19-may kuni xalqaro hamkorlarimiz mazkur kompaniyaga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Jamiyatga ma’lumki, Gruziya xalqaro moliyaviy sanksiyalarga amal qiladi. Shunga ko‘ra, Tbilisi munitsipaliteti sanksiyalangan kompaniya bilan hamkorlik qilmoqchi emas va Metrovagonmash bilan tuzilgan shartnomani bekor qiladi”, — deyiladi Gruziya tomoni bayonotida.
Toshkent metropoliteni uchun poyezdlar “Metrovagonmash” tomonidan 2024-yilda, kompaniya sanksiyalarga uchragach, ishlab chiqarilgan. Buni vagondagi belgilar tasdiqlaydi.
Anhor.uz tahririyati “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati bilan bog‘lanib, xarid qilinadigan harakat tarkibining narxi, ularni ishlab chiqaruvchi kompaniya, shuningdek, poyezdlarni xarid qilish bo‘yicha tender shartlari va tafsilotlariga oydinlik kiritishni so‘radi.
“Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati tahririyat so‘roviga javoban sotib olingan poyezdlarning narxi va tender hujjatlari shartlari haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Biroq “Toshkent metropoliteni” DUK “Matbuot” xizmati rahbari Toʻychi Mirzayev metropoliten xarid qilayotganini va kelajakda Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasidan poyezdlar xarid qilishni davom ettirish niyatida ekanligini rasman tasdiqladi.
Rasmiy javobda aytilishicha, Toshkent metropoliteni faoliyatini yaxshilash maqsadida 2019-2023-yillarda yo‘lovchilar va haydovchilar uchun ko‘plab zamonaviy qulayliklarga ega 26 ta to‘rt vagonli metro poyezdlari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. “Ushbu harakat tarkibi Rossiya Federatsiyasining “Metrovagonmash” korxonasida ishlab chiqariladi. Shuningdek, 2024-yil may oyida yana uchta metro poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi. Ushbu rejalashtirilgan ishlar natijasida metropolitenning vagonlar parkini yangilash va moliyaviy vaqt oralig‘ini yanada qisqartirish rejalashtirilgan”, — deyiladi Metropolitenning Anhor.uz tahririyatiga rasmiy javobida.
2021-yilda Toshkent metropoliteni Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasidan 50,7 million yevroga, asosan, Rossiyaning VEB Rossiya korporatsiyalari (30,4 million yevro) va “Roseksimbank” banki (24,4 mln yevro) tomonidan uzoq muddatli kreditlar hisobidan 10 ta to‘rt vagonli poyezd xarid qildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyuldagi qaroriga ko‘ra, ushbu kreditlar 2032-yilgacha to‘lanishi kerak.
Poytaxt metropoliteni davlat korxonasi bo‘lib, uning faoliyati jamoatchilik uchun shaffof bo‘lishi shart. Xususan, “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarning qiymati, muddati va valyutasi, shuningdek moliyalashtirish manbalari va boshqa jihatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamoatchilik e’tibori uchun ochiq bo‘lishi shart. Biroq Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan keyin sotib olingan metro poyezdlari, jumladan, ularning narxi, bitim shartlari va valyutasi hamda moliyalashtirish manbalari haqidagi ma’lumotlar noma’lumligicha qolmoqda.
2022-yil fevralida Ukrainada jangovar harakatlar boshlanganidan so‘ng, AQSh boshchiligidagi G‘arb hukumatlari Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar joriy etdi. Ushbu sanksiyalar moliyaviy operatsiyalar, savdo va investitsiyalarni cheklash, shuningdek, Rossiyaning aniq jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan choralarni o’z ichiga oladi. Sanktsiyalar roʻyxatiga yuqori martabali davlat amaldorlari, oligarxlar, yirik korporatsiyalar va ularga aloqador shaxslar kiritildi, bu esa ularning xalqaro moliya bozorlari va resurslariga kirishini sezilarli darajada murakkablashtirdi.
Rossiya Federatsiyasi bilan biznes yuritish borasidagi jiddiy cheklovlarga qaramay, u O‘zbekistonning ikki asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakat rasmiy vakillari ham O‘zbekiston iqtisodiyotiga Rossiya sarmoyasi hajmi ortib borayotganini e’lon qilmoqda.
“Bugungi kunda qoʻshma loyihalar portfeli (Rossiya – muharrir) 44 milliard dollardan oshadi. Bundan tashqari, joriy yilning o’zida (2024 yil – muharrir) kamida 5 milliard dollar (Rossiya) sarmoyasini o’zlashtirish vazifasi qo’yildi. Bu vazifani bajarish yengil. Barcha sohalar, barcha tarmoqlar, hududlar bo‘yicha aniq rejalar, tarmoq sxemalari, yo‘l xaritalari tayyorlandi”, — dedi O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 2024-yil 10-may kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
“Metrovagonmash” kompaniyasiga qarshi G’arb sanksiyalari kiritilgandan so’ng, Rossiya kompaniyasidan AQSh dollari yoki yevroga poezd sotib olish imkonsiz bo’lib qoldi. Natijada, katta ehtimol bilan “Toshkent metropoliteni” DUK yangi iqtisodiy sharoitlarga va sanksiyalar bilan qo‘llanilgan valyuta cheklovlariga moslashgan holda poyezdlarni Rossiya rubliga sotib olishga o‘tishga majbur bo‘lgan bo’lishi kerak.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham 27 may kuni Toshkentda oʻtkazilgan Rossiya-Oʻzbekiston muzokaralari yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida Oʻzbekiston va Rossiya milliy valyutalarda hisob-kitoblarga oʻtish ustuvorligini maʼlum qildi. Prezident Rossiya va Oʻzbekiston milliy valyutalarda hisob-kitoblarga izchil oʻtayotgani va 2023-yil yakuniga koʻra tijorat operatsiyalarida rublning ulushi 58 foizni tashkil etishini taʼkidladi:
“Mamlakatlarimiz toʻlovlarni amalga oshirishda izchil milliy valyutalarga oʻtishlari muhim, biz buni oʻta muhim deb bilamiz. Moliyaviy o‘zaro hisob-kitoblarda kredit va bank muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda. O‘tgan yil oxirida ikki tomonlama tijorat operatsiyalarida rublning ulushi 58 foizga yetdi va o‘sishda davom etmoqda”, — dedi Putin.
Katta yettilik guruhi (G7) davlatlari va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga urushga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beruvchi banklarga nisbatan choralarni kuchaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda 31-may kuni Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Bloombergning ta’kidlashicha, cheklovlar xalqaro SWIFT tizimining analogi bo’lgan Rossiya Banki moliyaviy xabarlarni uzatish tizimidan (SPFS) foydalanadigan uchinchi mamlakatlar banklariga ta’sir qilishi mumkin. Ushbu cheklov choralari Italiyada bo’lib o’tadigan G7 sammiti oldidan muhokama qilinmoqda, unda ushbu choralar bo’yicha kelishish rejalashtirilgan.
Rossiyaning SPFS to’lov tizimi – bu SWIFT (Society for Worldwide Interbank Financial Telecommunications) xalqaro moliyaviy ma’lumotlar uzatish tizimi printsipi asosida ishlaydigan Rossiya Bankining o’ziga xos xizmati. SPFS 2014 yil dekabr oyida mumkin bo’lgan sanktsiyalar xavfiga javoban ishga tushirildi.
Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilda ushbu tizimdan foydalanish chastotasi 2022-yilga nisbatan uch barobarga oshgan. Bugungi kunda Xitoy, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qozog‘iston kabi 20 ta davlatdagi 150 dan ortiq xorijiy banklar SPFSdan faol foydalanmoqda.
Mirzo Subxonov
Sharhlar