Toshkentda jamoat transporti muammolari: haydovchilar va yo‘lovchilar nigohida
Poytaxtda jamoat transporti qay darajada rivojlangan? Aholining unga qiziqishini yanada oshirish uchun sohada nimalar qilish kerak? Avtobus haydovchilari nimadan norozi? Yo‘lovchilarchi? Toshkentda jamoat transportlari uchun muammo tug‘dirayotgan holatlar nima? Bu savollarga Anhor.uz nashri jurnalisti soha xodimlari bilan suhbatlashib batafsil javob izladi.
Jamoat transportlarini bir necha yil avvalgi davrga solishtirganda farq sezilarli. Buni o‘zgarishlar ko‘z o‘ngida ro‘y berayotgan avtobus haydovchilari chuqurroq anglab yetadi. Ayniqsa, ko‘p yillardan buyon sohada ishlayotgan, baland-pastlarni ko‘rgan haydovchilar undagi muammolarni ham yaxshi biladi.
Shahboz Ro‘zatov bu sohada 10 yillik tajribaga ega. Faoliyatini avvaliga chiptachilikdan boshlab, bugungi kunda shahardagi eng uzun 18 metrlik o‘ta katta sig‘imli avtobusning mahoratli haydovchisi. Qahramonimiz 93-avtobus yo‘nalishida Food City savdo majmuasidan Yunusobod 9-dahagacha qariyb har kuni 27 kmga yaqin yo‘lni 10-12 marotaba bosib o‘tadi. Tabiiyki, qatnovlar davomida shahar ichida harakatlanayotgan katta hajmli avtobuslar bilan katta-kichik muammolar uchrab turadi.
Poytaxtga o‘tgan 2023-yilda 1000 ta turli xil o‘lchamdagi avtobuslar olib kelingan edi. Ammo, shaharning yo‘l infratuzilmasi bundan bir necha o‘n yillar avval qurilgan. Ya’ni katta hajmli va o‘ta katta hajmli avtobuslarning harakatlanishi uchun ajratilgan yo‘laklar nisbatan tor. Haydovchilar 18 metrli transportni boshqarish davomida istamagan holda yo‘lak chizig‘larini bosishga majbur bo‘ladi. Bu esa ikkinchi yo‘lakdagi mashinalar harakatiga halal beradi.
Bunday holatlarda yengil avtomobil mayli, yuk mashinasi yoki katta hajmli transportlar yonma-yon tor yo‘laklarda harakatlansa, ikkisi uchun ham havfli vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Ayni shunday holatga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. 15-iyul kuni Farg‘ona yo‘li ko‘chasining Fayzabod bekatida 93-yo‘nalish avtobusi Kamaz rusumli yuk tashish mashinasi bilan tor yo‘lakda yonma-yon harakatlanishi sababli kichik yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Natijada avtobus yon oynasiga ziyon yetgan.
Shuningdek, bekatlar va u yerdagi qulayliklar ham avtobuslarning erkin harakatlanishi uchun o‘ta muhim. Aslida 2022-yil 2-fevralda Davlat rahbarining “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bekatlarga qo‘yiladigan talablar aniq belgilab berilgan. Unga ko‘ra, bekatlar orasidagi masofa 600 metr, tezyurar yo‘nalish avtobuslari uchun 800-1200 metr bo‘lishi lozim. Avtomobil yo‘llari toifasiga qarab avtobus bekatlarida chiqish va tushish maydonchasi, kutish joyi, o‘tish chiziqlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, avtobuslar to‘xtashi uchun yo‘lning maxsus kengaytirilgan qismi (karman), ajratuvchi chiziq, trotuar, piyodalar yurish yo‘lakchalari, piyodalar o‘tish joyi, avtopavilon, o‘rindiqlar va yoritish uskunalari bo‘lishi muhim.
Amalda esa avtobus haydovchilari bekatlarni shunday ta’riflaydi: “Shahardagi bekatlar “Isuzu” avtobuslariga mo‘ljallangan. Kichik, tor, kirish, kutish va chiqib ketish yo‘laklari yo‘q. Qolaversa, bekatlar 2-darajali yo‘lga shu darajada yaqin joylashganki, ba’zi joylarda agar uchta avtobus birin ketin kelsa, uchinchi avtobus 2-darajali yo‘lni to‘sib qo‘yadi. Lekin uni ham bekatga to‘xtamaslikka haqqi yo‘q”.
Do‘konlarga kirish uchun shaxsiy avtomobillarini bekatlarga qo‘yib ketgan fuqarolar esa alohida mavzu. Aynan avtobus kelib to‘xtaydigan joyga mashinasini qo‘yib, xarid qilish uchun ketadi. Biz esa 25-30 nafar odam bilan uni kutib turamiz. Bu holat belgilangan vaqtimizga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Yengil avtomobil va taksi haydovchilarining betartib va yo‘l harakati qoidalarini o‘ta qo‘pol tarzda buzib harakatlanishi avtobuslar va uning yo‘lovchilari uchun ko‘ngilsiz tugashi mumkin. Ayniqsa, taksi haydovchilari yo‘lovchi olish maqsadida 3-yo‘lakdan to‘g‘ri 1-yo‘lakka qo‘pol holatda o‘tib, avtobuslarning oldini to‘sib qo‘yadi. Shunda 40-45 km/soat tezlikda ketayotgan 18 metrlik avtobusning qo‘qqisdan tormoz bosishi yo‘lovchilarga qanday ta’sir qilishini tasavvur qilib ko‘ring. Ayni shu holat piyodalar bilan yo‘lni e’tiborsizlik va belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan ham yuzaga keladi.
Bunda piyodalar ham beaybi emas. Chunki, ba’zilar svetoforlar oldida, ko‘priklarning ustida yoki to‘xtash umuman man etilgan joylarda turib taksi ushlashga harakat qiladi. Haydovchilar tirikchilik dardida to‘xtayveradi, oldida mashina bormi yo‘qmi? Boshqa transportlarga halaqit beradimi yo‘qmi? “Klent” olsa bo‘ldi.
Suhbatdoshimiz Shahboz akaning aytishicha, u uchun eng og‘ir ish kuni yo‘llarda tirbandlik bo‘lgan kun: “93-yo‘nalishda ko‘pincha Shahriston va Amir Temur ko‘chalari kesishmasi, Food City chorrahasi va Bektemir tumani yo‘l patrul post xizmatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘ladigan tirbandliklar insonni charchatadi”, – deydi qahramonimiz.
Hasan Babayev asli samarqandlik. Sohada 15 yillik tajribaga ega. U poytaxtda 45-yo‘nalishida Food City savdo markazidan to Yakkasaroygacha har kuni 30 kmga yaqin yo‘lni elektrobusda bir necha marta bosib o‘tadi. U bilan suhbatdan keyin jamoat transporti xodimlari va fuqarolarni qiynayotgan yana qator muammolardan voqif bo‘ldik.
Hasan Babayev bilan suhbatimiz Food City savdo markazida boshlandi. Shu sababli Hasan aka eng avval Food City markaziga Qo‘yliq ko‘prikdan tushgandan to avtobus saroyiga qadar birorta bekat yo‘qligini ko‘rsatdi. “Yo‘llarda bekat borligini bildiruvchi belgilar bor ammo, bekatning o‘zi yo‘q. Shuning uchun ham yo‘lovchilar har qadamda to‘xtashimizni so‘rashadi. Agar to‘xtamasang ba’zilari urishib ham ketadi. Tabiiyki, 10 soatdan ortiq ishlagan inson uchun yoqimli emas bu. Nima bo‘lganda ham hushmuomilalik qilishga harakat qilamiz”, – deydi Hasan aka.
Haydovchilarning ham yo‘lovchilardan shikoyatlari bor. Ayniqsa, svetaforga qaramaydigan, yo‘lda quloqchinlardan foydalanadigan, atrofga bee’tibor, o‘zini tavakkalga tikib, o‘zgalarni ham havfga solayotgan fuqarolarning soni ko‘payib qolganidan xavotirda qahramonlarimiz. “Yana shunday bir yo‘lovchi borki, yolg‘iz haydovchili avtobuslar mayli, chiptachisi ishlab turganlarida ham to‘lov masalasida aldab ketadi. O‘zi 1 700 so‘m bo‘lsa, puling bo‘lmasa rostini ayt, urib olmaymizku”, – deb ba’zilarning bu ishidan hafa bo‘ladi.
Hasan Babayev va Shahboz Ro‘zatov bilan suhbatlashar ekanmiz katta-kichik muammolar bo‘lsa ham bir necha yil avvalgi jamoat transportlarining qiyofasi ancha o‘zgarganini, sharoitlar va imkoniyatlar darajasi oshganini ta’kidladi.
Fuqarolar shaxsiy avtomobillar xizmatidan qisman cheklansa, shaharda tirbandlik kamayadi. Bu esa qulay, arzon va tezkor jamoat transportining erkin harakatlanishi va sifatli xizmat ko‘rsatishiga yo‘l ochadi.
Sharhlar