1-iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi
1-iyuldan milliy qonunchilikda quyidagi o‘zgarishlar kuchga kiradi:
Fuqarolarga protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi
“Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:
— Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;
— huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi
“Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida:
— Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;
— avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlangan) va hozir ham amalda bo‘lgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va bu haqida davlat reyestridan ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi;
— noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.
Ayrim kasallikka chalilganlar bepul davolanishadi
“Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar belgilangan tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlarida, shuningdek, ular voyaga yetgunlariga qadar ushbu kasallik bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi.
“Shaffof qurilish” tizimida yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi
“Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan loyihalar bo‘yicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi.
Ayrim shaharlarda suv ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi
“Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi.
“Ijtimoiy himoya” ATda moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarning hisobi yuritiladi
“Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy to‘lovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida “Ijtimoiy himoya” ATda hisobi yuritiladi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar integratsiya qilinadi.
Sharhlar