O‘zbekistonda yangi o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 20-iyundan boshlanadi

Фото: ЎзА

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2024-2025-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 20-iyundan boshlanadi. Qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi. Reglamentga muvofiq, 1-bosqich 20-iyundan 31-iyulgacha mikro-hudud doirasida, 2-bosqich 1-avgustdan 15-avgustgacha mikro-hududdan tashqarida amalga oshiriladi.

1-sinfga qabul jarayonlari belgilangan tuman, shaharlarda elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi.

Bunda ota-onalar 20-iyundan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishi mumkin. Davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlik elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2017-yilning 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.

Elektron qabul jarayonlari yuzasidan vazirlik Call-markazining 71-203-07-04 raqami yoki telegramdagi @mymaktab_uz rasmiy kanali orqali qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.