Abdusattorov jamoasi Londondagi global turnirda birinchi o’rinda bormoqda

Foto: uza.uz

“Global Chess League “Tech Mahindra”ning Londonda davom etayotgan ikkinchi tur musobaqalarida Nodirbek Abdusattorov dona surayotgan “PBG Alaskan Knights” jamoasi kechagi ikkita o‘yinda ham g‘alabaga erishdi.

O’tgan bahslarda “American Gambits” va “upGrad Mumba Masters”ni mag‘lubiyatga uchratgan Nodirbek Abdusattorov jamoasi 9 ochko bilan 6 ta jamoa orasida yetakchiga aylanib oldi.

Mazkur turnir o‘yinlarida Abdusattorov avvaliga “American Gambits” jamoasi a’zosi Yan-Kshishtof Duda bilan durang o‘ynadi. Keyingi bahslarda “Triveni Continental Kings” a’zosi xitoylik I Vey ustidan g’alaba qozongan bo’lsa, “upGrad Mumba Masters” vakili hindistonlik Vidit Santosh Gudjarati bilan murosa yo‘lini tanladi.

Javohir Sindorov esa “Triveni Continental Kings” safida ikkita bahsda dona surdi. Sindorov ilk o‘yinda “PBG Alaskan Knights” a’zosi Nixal Saringa imkoniyatni boy berdi. Keyingi o‘yinda “Alpine Sg Pipers” a’zosi Deniyel Dardxani bilan kechgan bahsda raqib ustidan qozongan g‘alabasini nishonladi va Sindorov jamoasi 3 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda.

Bugun, 5-oktyabr kuni o‘tkaziladigan liga bahslarida “Ganges Grandmasters”-“PBG Alaskan Knights”, “American Gambits”–“Triveni Continental Kings”, “upGrad Mumba Masters”–“Alpine SG Pipers”, “Triveni Continental Kings”-“Ganges Grandmasters” jamoalari ishtirokida qiziqarli musobaqalar bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat  bo’lib, turnir  “Global Chess League “Tech Mahindra” 12-oktabrga qadar davom etadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.