Aeroportda 37 yoshli ayol vafot etganligi to’g’risidagi xabar yolg’on bo’lib chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda 37 yoshli ayol “tomojniy” tekshiruvini kutayotgan paytda vafot etganligi to’g’risidagi xabarlar tarqaldi. Mas’ullar ushbu holatga rasmiy munosabat bildirdi.
“Uzbekistan Airports”ning xabar qilishicha, 7-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:34 da Toshkent xalqaro aeroporti tibbiyot punktiga yo‘lovchining uchib kelish zalida o‘zini yomon his qilayotgani haqida xabar kelib tushgan. HY-334 Dubay – Toshkent reysi bilan kelgan 1986-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi pasport nazoratidan o‘tgach darhol yordam so‘ragan. Yo‘lovchi bosh og‘rig‘i va o‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgan.
Yo‘lovchi shikoyatlari va u bilan birga uchib kelgan shaxslarning so‘zlarini inobatga olgan holda aeroport tibbiyot punkti xodimlari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, kasalxonaga yotqizish uchun shahar tez yordam xizmatini chaqirishgan.
Soat 18:32 da tez yordam mashinasi yo‘lovchini Toshkent aeroportining uchib kelish zalidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketgan.
Shuningdek, Bosh Prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ham ushbu holatga munosabat bildirdi: “Aeroportda bir ayol vafot etganligi haqidagi xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bugun, 8-oktabr kuni Dubai-Toshkent aviareysida uchib kelgan, 1986 yilda tug‘ilgan ayolning sog‘lig‘i yomonlashgan. Hozirda ayol shifoxonaga yotqizilib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”.
Sharhlar